O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida” Qonun (O`RQ–608-son, 10.03.2020 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga muvofiq, bola huquqlarining qo`shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan qator qonunlar va kodekslarga o`zgartirishlar kiritildi.
Jumladan, Oila kodeksiga kiritilgan qo`shimchaga ko`ra, oilada bolaning manfaatiga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o`z fikrini ifoda qilishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma`muriy muhokama davrida so`zlashga haqli.
Bunda qaror qabul qiluvchi organ va mansabdor shaxs bola manfaatiga taalluqli masalani hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat`i nazar, ko`rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilishi kerak.
Shuningdek, ota-ona va bola alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek 14 yoshga to`lgan bola bir vaqtning o`zida ota va onadan voyaga etmagan bolalarning ta`minoti uchun aliment undirish to`g`risida da`vo qo`zg`atishga haqli.
Bundan tashqari, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi Qonun yangi modda bilan to`ldirildi.
Unga ko`ra, voyaga etmagan shaxslar o`z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalari yuzasidan davlat organlariga, tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga mustaqil ravishda murojaat berishga haqli.Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.