Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019 yilning oktyabr oyida Ozarboyjon Respublikasiga tashrif buyurib, Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliev bilan uchrashgan edi. Bu haqda Darakchi.uz ga “O`zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilib, bu borada birinchi galdagi vazifalarni belgilab olgan edilar.
Belgilangan vazifalarni amalda bajarish maqsadida “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruri raisi Mehriddin Abdullaev boshligidagi delegasiya “SOCAR” va «NIPI Neftegaz SOCAR» kompaniyalari bilan ikkitomonlama manfaatli hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan hamkorlik masalalarini hal qilish maqsadida Ozarbayjonda bo`lib turibdi.
Tashrifning ilk kuni “O`zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati delegasiyasi a`zolari “Azneft” kompaniyasining “Bibieybat” neft va gaz qazib olish boshqarmasida bo`lishdi va u erdagi ishlarni ko`zdan kechirishdi. Shu kunning o`zida “NIPI Neftegaz SOCAR” tajriba-sinov bazasidagi qilinayotgan ishlar ham o`rganildi.
Istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o`zaro uchrashuv ham bo`lib o`tdi. “O`zbekneftgaz” AJ delegasiyasi a`zolarini Ozarbayjon Respublikasi davlat neft kompaniyasi “SOCAR”ning Prezidenti Abdullaev Rovnag Ibragim o`g`li va “SOCAR”ning geologiya va geofizika masalalari bo`yicha Vise-prezident Guseynov Bahrom Baxlul o`g`li qabul qildi.
Suhbat davomida Orol dengizi hududida gelogiya qidiruv ishlarini amalga oshirish, G`arbiy va Sharqiy Toshli, Shimoliy Sho`rtan, Garmiston konlarini o`zlashtirish masalasida hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.
“O`zbekneftgaz” AJ delegasiyasining Ozarbayjondagi tashrifi davom etadi.






