AsosiyJamiyat

OTMlarga qabul bo`yicha kutilayotgan asosiy yangiliklar ma`lum qilindi

'OTMlarga qabul bo`yicha kutilayotgan asosiy yangiliklar ma`lum qilindi'ning rasmi

10 mart kuni Davlat test markazida korrupsion holatlarning oldini olish mavzusiga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi. Unda OTMlarga qabul jarayonlarida kutilayotgan o`zgarishlar haqida ma`lumot berildi.

Abiturientlar onlayn tarzda hujjat topshira oladi.

DTM direktori Majid Karimov:

– Shaffoflik va oshkoralikni ta`minlash maqsadida 2020-2021 yilgi qabulda juda katta ishlar reja qilingan.

Jumladan, o`tgan yilgi qabulda hujjat topshirishda navbatlar ko`payib ketgani yuzasidan ota-onalar va jamoatchilikning shikoyatlari inobatga olindi. Shuning uchun joriy yildan Davlat test markazi sayti orqali  OTMlarga onlayn ro`yxatdan o`tish tizimini yaratyapmiz.

Abiturientlar uyida turib ham hujjat topshirish mumkin bo`ladi.

Uchtadan ko`proq OTMga hujjat topshirish imkoni berilishi mumkin

DTM Bosh boshqarma boshlig`i Barno Rajabov:

– 2020-2021 o`quv yilida ham abiturientlarda 3ta OTMdan birini tanlash imkoni saqlanib qoladi.

Bu bo`yicha takliflar ham ishlab chiqilmoqda. Agar ular inobatga olinadigan bo`lsa, tanlanadigan OTMlar soni 3tadan ham ko`proq bo`lishi mumkin.

11-sinf yakunidagi attestasiya va OTMga qabul imtihonlari birlashtirilishi kutilyapti

Barno Rajabov:

– 2021-2022 o`quv yilidan boshlab, bosqichma-bosqich tarzda umumta`lim maktablaridagi yakuniy davlat attestasiyasi va OTMga qabul imtihonlarini bitta qilib o`tkazish rejalashtirilmoqda.

Kelgusida o`quvchilar maktab attestasiyasini topshiradi va unda olgan ballari bilan OTMlarning kirish imtihonlarida qatnashishadi. Bu bilan o`quvchilarga engillik va qulaylik yaratiladi.

Maktablardagi yakuniy davlat attestasiyalari ham hozirgi kirish imtihonlari kabi katta sig`imli binolarda, DTM va boshqa mas`ul vazirliklar nazoratida o`tkaziladi.

«2019 yili DTM faoliyatidan norozilar ming nafarga kamaydi»

DTM direktorining aytishicha, o`tgan yil tahlillariga ko`ra, apellyasiyalar va DTM faoliyatidan norozilik bildirilgan murojaatlar soni kamaygan.

«Agar 2018 yilda 4 mingga yaqin murojaat qabul qilingan bo`lsa, 2019 yilda ular mingtaga kamaydi», – dedi DTM direktori Majid Karimov.

Bosh boshqarmasi boshlig`i Barno Rajabovning so`zlariga ko`ra, 2019 yilda apellyasiya shikoyati kiritgan abiturientlarning taxminan 20-30 nafari talabalar safiga qabul qilingan.

«Qolgan abiturientlar orasida ham asosli murojaat qilganlari bo`lgan. Biroq ular to`plagan ball etarli bo`lmagani tufayli talabalikka qabul qilinishmagan», – deydi Barno Rajabov.

    Boshqa yangiliklar