1

Islom Karimov 90,39 foiz ovoz bilan O`zbekiston Prezidenti etib saylandi

Jamiyat 30.03.2015, 16:30
Islom Karimov 90,39 foiz ovoz bilan O`zbekiston Prezidenti etib saylandi

O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 29 mart, yakshanba kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston Prezidenti saylovi dastlabki natijalarini e`lon qildi. Unga ko`ra, amaldagi Prezidenti Islom Karimov 90,39 foiz ovoz (17,127 milliondan ortiq saylovchi ovoz bergan) bilan keyingi besh yil muddatga O`zbekiston Prezidenti etib saylandi.

MSK raisi Mirzo-Ulug`bek Abdusalomovning ma`lum qilishichA, dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, saylovda nomzodlar Akmal Saidov 3,08 foiz, Hotamjon Ketmonov 2,92 foiz, Narimon Umarov esa 2,05 foiz ovoz to`pladi.

Saylov byulletenlarining 1,5 foizi haqiqiy emas deb topilgan.

Saylov-2015: fakt va raqamlarda

2015 yilning 29 mart sanasi O`zbekistonda muhim siyosiy jarayon bilan tarixga muhrlandi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo`yicha mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarimiz huzuridagi saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni nihoyasiga etdi. Aytish joizki, mamlakatimiz fuqarolari saylovda yuksak siyosiy va fuqarolik faolligini namoyish etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi 14 saylov okrugida 9015 saylov uchastkasida, shuningdek, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida yana 44 saylov uchastkasida o`tkazildi.

29 mart kuni soat 6.00 dan 20.00 gacha davom etgan saylovda 18 million 928 ming nafar fuqaro ishtirok etdi. Bu ro`yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 91,01 foizini tashkil etadi.

HAMMASI OChIQ VA OShKORA O`TDI

Ovoz berish jarayoni O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to`g`risida”gi va “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to`g`risida”gi qonunlar bilan mustahkamlab qo`yilgan xalqaro demokratik normalar va prinsiplarga rioya qilingan holda ochiq, oshkora o`tdi.

QONUNChILIK TALABLARI BUZILMADI

Saylovni o`tkazish jarayonida Markaziy saylov komissiyasiga joylardan saylovga doir qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan xabar va ma`lumotlar kelib tushmadi.

IKKI MILLIONGA YaQIN YoSh ILK BOR OVOZ BERDI

Mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig`ini yoshlar tashkil etadi. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq, 18 yoshga to`lgan O`zbekiston fuqarolari saylash huquqiga ega. Bu me`yor yoshlarning saylash huquqini belgilaydi. Saylov kuni 2 million nafarga yaqin yoshlar o`z huquqidan foydalanib, ilk marotaba saylovda ovoz berdi.

OVOZLARNI SANAShDA 35 MING KIShI QATNAShDI

Ovozlarni sanab chiqishda saylov uchastkalarida siyosiy partiyalardan 35 ming nafardan ziyod kuzatuvchi, xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 43 davlat va 5 xalqaro tashkilot – EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, Mustaqil davlatlar hamdo`stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi va Islom hamkorlik tashkilotidan 300 ga yaqin kuzatuvchi ro`yxatga olindi. Ular orasida milliy parlamentlar hamda saylov organlari rahbarlari va a`zolari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, olimlar, siyosatshunoslar bor.

Saylov jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1000 ga yaqin vakili yoritdi.

NOMZODLAR OVOZ BERDI

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov Toshkent shahridagi 260-saylov uchastkasida ovoz berdi. 

O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov Toshkent shahridagi 93-saylov uchastkasida ovoz berdi. 

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov Toshkent shahridagi 644-saylov uchastkasiga tashrif buyurdi. 

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov ovoz berish uchun Toshkent shahridagi 505-saylov uchastkasiga keldi. 

92 YoShLI ONAXON SAYLOV UChASTKASIGA KELIB OVOZ BERDI

Namangan tumanidagi 232-saylov uchastkasiga birinchilardan bo`lib mahallaning eng keksa onaxoni — to`qson ikki bahorni qarshilayotgan Tursun momo Egamberdieva nabira kelinlari hamrohligida kirib keldi.

Tursun momo saylov byulletenini qutiga tashlar ekan, shunday kunlarga etkazganiga shukr, yurtimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin, xayrli ishlarning boshida turganlar omon bo`lsin, deb duo qildi.  

“Komissiya a`zolari uyingizga saylov qutisini olib boramiz, o`sha erda ovoz beraverasiz, deydi. Ko`nmadim, hali oyog`imda kuch, ko`zimda nur bor, uchastkaga boraman, deb kelaverdim. Shukur, yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, farzandlarim kelajagidan ko`nglim to`q. Bunday zamonda keksaligingni ham unutib, g`ayratingga g`ayrat qo`shilar ekan”.

XALQARO KUZATUVChILAR: “O`ZBEKISTON YoShLARIGA HAVASIMIZ KELDI”

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish uchun mamlakatimizga kelgan xalqaro kuzatuvchilar saylov xalqaro normalar va demokratik tamoyillar asosida o`tayotganini ta`kidlamoqda.

“SAYLOVChILARNING FAOLLIGI KATTA TAASSUROT QOLDIRDI”

Ivan Kotlobay, MDH ijroiya qo`mitasi bo`lim boshlig`i:

Jizzax viloyatidagi saylov uchastkalarida bo`lib, saylovlar demokratik talablar darajasida har tomonlama puxta tayyorgarlik bilan o`tganiga guvoh bo`ldim. Ayniqsa, saylovchilarning faolligi menda katta taassurot koldirdi. Har bir saylovchi o`z ovozi mamlakatning ertangi kuniga daxldor ekanini biladi. Men suhbatda bo`lgan saylovchilar o`zi tanlagan, ma`qul kelgan nomzodlarga ovoz berayotganini aytdi. Demak, ular Vatani taqdiri, o`zining kelajagini kimga ishonishni o`zlari hal etmoqda.

“O`ZBEKISTON — JADAL TARAQQIY ETAYoTGAN MAMLAKAT”

Vladimir Mesamed, Quddus universitetining Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti professori, siyosatshunos (Isroil):

O`zbekistonni yaxshi bilaman. Shu yurtda o`qiganman. O`zbekiston demokratik yo`ldan borayotganiga ishonch hosil qilganman. Bo`lib o`tgan saylov milliy qonunchilik va xalqaro demokratik me`yorlar asosida o`tayotganiga guvoh bo`ldim. O`zbekistonda fuqarolarning saylovda erkin qatnashishi uchun barcha sharoit yaratildi. Bu fuqarolik jamiyati qurish yo`lini tanlagan mamlakat uchun juda katta yutuqdir. O`zbekiston – jadal taraqqiy etayotgan mamlakat. 

Igor Borkovskiy, MDH kuzatuvchilari missiyasi a`zosi:

Qoraqalpog`iston Respublikasiga birinchi marta kelishim. Bu erda ham saylovga qizg`in tayyorgarlik ko`rilgan. Qaysi uchastkada bo`lmayin, saylovchilarning faolligini ko`rdim. Ayniqsa, ovoz berayotganlar orasida yoshlar ko`pchilik ekani ularning mamlakatda kechayotgan siyosiy jarayonlarga befarq emasligidan dalolat beradi. 

Evgeniya Maxmutova, xalqaro kuzatuvchi (Rossiya):

Navoiy viloyatida erta tongdan boshlangan siyosiy jarayonlarni kuzatib, uchastka saylov komissiyalarining tayyorgarligi, saylovchilarning kayfiyati ko`tarinkiligi, ayniqsa, birinchi marta ovoz berayotgan yoshlardagi o`zgacha qiziqish va hayajonni ko`rdim. Eng muhimi, saylov ochiq-oshkora, yashirin ovoz berish yo`li bilan o`tdi. Har kim o`zi munosib deb bilgan nomzodni sayladi.

“HAR BIR SAYLOVChI YuZIDA KO`TARINKI RUH KO`RDIM”

Leonid Popovich Lvovich, xalqaro kuzatuvchi (Rossiya):

Yurtingizda bo`lib o`tgan saylovlarni katta e`tibor va qiziqish bilan kuzatdim. Saylov uchastkalaridagi jarayonlar bilan tanishdim. Shuni alohida ta`kidlashim lozimki, O`zbekistonda mazkur saylovlarga katta tayyorgarlik ko`rilgan. Har bir saylovchining yuzida kulgu va ko`tarinkilikni ko`rdim. Eng asosiysi saylovning ochiq va oshkora o`tganligini guvohi bo`ldim.

Mushtariy Asrorova (talaba):

—  Hayotimda ilk bora prezidentlik saylovida o`z konstitusiyaviy huquqimdan foydalandim. O`ylaymanki, kelajagimizning poydevori bo`lib xizmat qiladigan, yurtimizning farovonligi va osudaligi bardavomiyligini ta`minlaydigan nomzodga ovoz berdim.

Shohjahon Qayumov (talaba):

Mana, biz tarixiy kunda — saylovda o`z ovozimiz bilan ishtirok etdik. Mazkur kunda mening ham ovozim ahamiyatga egaligi ko`nglimda faxr uyg`otdi.

O`zA va Elections.uz ma`lumotlari asosida Laylo Rustamova tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1