Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo`yicha kichik komissiyaga kelib tushgan ma`lumotga ko`ra, Samarqand viloyati, Samarqand shahrida yashagan 1962 yilda tug`ilgan, I.Bondarenko 1999 yilda Birlashgan Arab Amirliklari davlatiga dam olgani chiqib ketib, shu kunga qadar norasmiy ravishda yashab kelgani ma`lum bo`ldi. 2019 yilning oxirida sog`lig`i yomonlashganligi sababli tibbiyot muassasasiga yotqizilgan va muolajalardan so`ng sog`ayib, O`zbekiston Respublikasiga qaytishi uchun qo`maklashishda yordam so`ragan.
IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi mas`ul xodimlari tomonidan I.Bondarenkoning murojaati o`rganib chiqilgan va amaliy yordam berish bo`yicha choralar ko`rilgan. Tashqi ishlar vazirligi, Respublika “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti hamda Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan hamkorlikda joriy yilning 12 mart kuni I.Bondarenko sog`-omon O`zbekiston Respublikasiga qaytarildi.
Fuqaro I. Bondarenko IIV TEQKBB Odam savdosi va noqonuniy migrasiyaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Respublika “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkilotining mas`ul xodimlari tomonidan I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olinib, uning aniq yashash joyi bo`lmaganligi va ijtimoiy yordamga muhtojligi sababli Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo`yicha Respublika reabilitasiya markaziga joylashtirilgan. Hozirda unga tibbiy yordam ko`rsatilib, normal hayot tarziga qaytarish hamda yashash joyi bilan ta`minlash bo`yicha zaruriy choralar ko`rilmoqda.






