Joriy yilning 14 mart kuni soat 10:40 larda Uchtepa tumani “Cho`pon ota” MFY hududida joylashgan “Aksava” MChJga qarashli ikki qavatli avtomobillarga xizmat ko`rsatish shahobchasi 2 ta boksining derazasi va devorlari qisman qulash sodir bo`lgan. Birlamchi ma`lumotlarga ko`ra, holatning kelib chiqishiga kislorod yoki gaz ballonining yorilishi sabab bo`lganligi taxmin qilinmoqda. Buning oqibatida, 1 nafar fuqaro voqea joyida va 1 nafari kasalxonada vafot etgan, deya xabar berdi FVV.
Shuningdek, 4 nafar fuqarolar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan.
Ayni vaqtda hodisa sodir bo`lgan joyda Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Mazkur holatning kelib chiqish sabablari yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






