O`zbekiston Respublikasi Hukumatining topshirig`iga binoan, joriy yil 16 martdan barcha ta`lim muassasalarida, jumladan, kollej, lisey va oliy ta`lim muassasalarida muddatdan oldin ta`til e`lon qilindi va o`qishlar to`xtatiladi. Shuni inobatga olgan holda talabalar va yo`lovchilarning o`z vaqtida manzillariga etib olishni ta`minlash bo`yicha Transport vazirligi zarur choralarni ko`rmoqda.
Xususan, “Toshkent” avtovokzalidan kuniga shaharlararo 17 ta yo`nalish bo`yicha 35 ta qatnov orqali 1800 nafar yo`lovchi tashilgan bo`lsa, yo`lovchilar oqimining birdan ortishi sabab bugunning o`zida “Uzautotrans service” korxonasi yana qo`shimcha 35 ta qatnovni yo`lga qo`ydi. Jami 70 ta qatnov orqali hozirda 4000 ga yaqin yo`lovchilarga xizmat ko`rsatilmoqda.
Respublikamiz viloyatlariga boruvchi yo`lovchilarga qo`shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Toshkent” avtovokzali 24 soat davomida faoliyat yuritmoqda. Yo`lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda “Toshkent” avtovokzalidan shaharlararo yo`nalishlarda yana qo`shimcha avtobuslar qatnovi joriy etilishini ma`lum qilamiz.