"Xabaringiz bor, koronavirus infeksiyasining dunyo miqyosida keng tarqalib borayotganligi sababli xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz muntazam ravishda maxsus reyslarda mamlakatimizga olib kelinmoqda.
Jumladan, Namangan xalqaro aeroportiga qo`ngan ikkita reysda Latviya va Eron davlatlaridan fuqarolarimiz olib kelindi. Tegishli dizenfeksiyalash ishlaridan so`ng, yo`lovchilar tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, avtobuslarda 14 kunlik karantin uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga olib ketildi", – deb xabar qildi Namangan viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati.
Ayni paytda ulardan bir guruhi “Kosonsoy” sihatgohiga joylashtirilgan. Dam olish maskanida ularning belgilangan muddatda istiqomat qilishlari uchun zarur sharoitlar muhayyo etilganiga guvoh bo`lish mumkin.
– Karantinga olingan hamyurtlarimizning salomatligi qat`iy nazoratga olingan, – deydi “Kosonsoy” sanatoriysi faoliyati va holati bo`yicha mas`ul Tohirjon Turdiev. – Tegishli shifokorlar guruhi ish olib bormoqda. Dori-darmon va dizinfeksiyalash vositalari zahirasi yaratilgan.
Karantindagilar vaqtlarini ko`ngilli o`tkazishlari uchun sport jihozlari mavjud. Savdo xizmati ham yo`lga qo`yilgan. Sihatgoh oshxonasida 3 mahal issiq ovqat berilyapti.