Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti koronavirusni tekshirish, ushbu pandemiyaning tarqalishini sekinlashtirishning eng yaxshi usuli ekanligini ta`kidladi va barcha davlatlarni mazkur tizimni rivojlantirishga chaqirdi.
Shuningdek, yuzaga kelayotgan tanqisliklarni bartaraf etish uchun kompaniyalarni muhim jihozlarni ko`proq ishlab chiqarishga undadi.
«Bizning barcha mamlakatlarga murojatimiz shu -tekshiring, tekshiring va yana tekshiring. Hamma davlatlar virus borligi gumon qilingan odamlarning har birini tekshirib ko`rishga qodir bo`lishlari kerak. Tekshirishlarsiz virus bilan kasallanganlarni izolyasiyaga olib bo`lmaydi va infeksiyaning tarqalish zanjiri buzilmaydi” dedi JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyses, Jenevada bo`lib o`tgan matbuot anjumanida. Shuningdek, Gebreyses COVID-19 ni «zamonimizning global sog`liqni saqlash inqirozi» deb atadi.
Tedrosning ta`kidlashicha, hatto ilg`or sog`liqni saqlash tizimiga ega mamlakatlar ham ushbu kasallikka qarshi kurashishda qiyinchilikda duch kelmoqdalar.
JSST rahbari virusning kam daromadli davlatlarga ta`sir qilishidan qattiq xavotirda ekanligini bildirgan. Chunki, bunday mamlakatlar aholisining virusdan boshqa muammosi ham talaygina – ular to`yib ovqatlanmaydi va boshqa sog`liq muammolari bilan ham kurashmoqda.