Toshkent viloyati hokimining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Behzod Qobulov ishdan ketdi. Bu haqda u kecha, 25 avgust kuni Facebookdagi sahifasida ma’lum qilgan.
Bildirilishicha, Behzod Qobulov ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan mojaro ortidan lavozimini tark etgan.
“Men vaziyatni har tomonlama mulohaza qilib ko‘rgach, Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari lavozimidan iste’foga qaror qildim. Bo‘ldi. Izzatim bitdi, meningcha. Bir yilki, menga yopishib olib, tunu kun halol ishlayotgan, katta mehnatlar bilan kelajakni qurayotgan hamkasblarim, jamoadoshlarimga mening faoliyatim orqali malomat toshlari otilishiga jim qarab turolmayman. Toshkent viloyati hokimligi oilasining halovati men tufayli buzilayotgani, sevimli shoiram Guljamol Asqarova ta’biri bilan aytganda, ruhimni haqoratlaydi. Chunki, bu jamoа hurmatga loiyq”, — deb yozdi Qobulov.
Qobulov o‘zi bilan bog‘langan salbiy axborotlar oqimining paydo bo‘lganidan chin dildan afsusda ekanini, bu tezroq barham topishi, masalaga sud-huquq idoralari baho berishi to‘g‘ri bo‘lishini aytgan.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Matbuot kotibining ishdan ketishi sobiq deputat, jamoat faoli va blogger Feruza Madrasulovaning ijtimoiy tarmoqda qoldirgan videomurojaati fonida ro‘y berdi. U o‘z videomurojaatida Qobulovni uning sha’nini tahqirlaganlikda ayblagan. Madrasulovaga ko‘ra, blogerga nisbatan Toshkent viloyati hokimining matbuot kotibi Behzod Qobulov tomonidan ommaviy guruhda kurakda turmaydigan haqorat va tuhmatlarga to‘la xabar yuborilgan.
Behzod Qobulov esa dastlab bu holat bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralariga murojaat qilingani, ko‘rsatib o‘tilgan yozuvlar unga tegishli emasligi, feyk ekanini bildirgan.