AsosiyJamiyat

Moskvadan kelganlar o`zbekistonliklar karantinda sharoitlar yo`qligidan shikoyat qildi (video)

'Moskvadan kelganlar o`zbekistonliklar karantinda sharoitlar yo`qligidan shikoyat qildi (video)'ning rasmi

Moskvadan Toshkentga etib kelgan 500 ga yaqin o`zbekistonliklar Bo`stonliq tumani «Qizilsuv» mahallasi «Sokol» sport-sog`lomlashtirish markaziga 14 kunga karantinga olindi. Lekin fuqarolar u erda sharoitlar yo`qligidan shikoyat qilmoqda, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

Karantinga olingan erkaklardan birining aytishicha, reys 17—18 mart kunlari Uzbekistan Airways va «Aeroflot» aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan. U boshqa fuqarolar bilan birga 18 mart, chorshanba kuni, Qizilsuv darasi joylashgan sport-sog`lomlashtirish markaziga kelgan. «Bizdan avval yana bir reys uchib kelgandi. Ularni bizdan oldin joylashtirib bo`lishdi. Ya`ni bu erda ikkita reysning yo`lovchilari — taxminan 500 kishi bor», — deydi u.

Avvalroq Uzbekistan Airways chet ellik fuqarolarni Moskvaga va o`zbekistonlik fuqarolarni Moskvadan Toshkentga olib kelish uchun 17 mart, seshanba kuni, Toshkent—Moskva—Toshkent charter reysni amalga oshirishi xabar berilgan edi.

Ushbu reys 18 mart kuni o`zbekistonliklarni Toshkentga olib kelgan «Aeroflot» tomonidan soat 3:17 da amalga oshirilgan. Ortga qaytishda aviakompaniya Moskvaga 282 nafar rossiyalikni olib ketishni rejalashtirgan.

«Biz ertalab soat to`rtlarda qo`ndik. Samolyotdan chiqish juda uzoq vaqt oldi, odamlar bittalab chiqarildi. So`ng nimadir purkashdi, nimaligi haqida hatto ogohlantirishmadi ham. Keyin esa trapdan tushishimiz bilan avtobuslarga joylashtirishdi. Ishchilarning barchasi tibbiy niqobda edi, lekin hamma yo`lovchilar ham niqob taqmagandi, garchi ularga keyin niqoblar tarqatilgan bo`lsa ham. Biz avtobusga o`tirib kuta boshladik, bizga hech kim hech narsani tushuntirmadi. Haydovchidan «Sokol» sog`lomlashtirish markaziga ketayotganimizni zimdan bilib oldik, lekin u erda bizni qanday sharoit kutib turganidan bexabar edik», — deydi u.

Erkakning ta`kidlashicha, sog`lomlashtirish markazi ko`p miqdordagi odamlarni qabul qilishga tayyor emasdi.

«Xonalar 5 kishiga mo`ljallangan, 16 ta xona bo`lgan bir qavatda ayollar va erkaklar uchun bittagina hojatxona va hammom bor edi. Ovqatlanish xonasi ham umumiy. Xonada isitish tizimi yo`q, ishlamaydigan kichkinagina isitgich qurilmasi turibdi. Bu erda kasal bo`lishimizni hamma bilib turibdi. Bu erda hamma bir biri bilan aloqada bo`lyapti. Bu esa aksincha, koronavirus yuqishi uchun sharoit yaratadi. Ob`ekt yaqinda topshirilgani ko`rinib turibdi, elektr simlar tarmog`i o`rnatilmagan, shunchaki tashqarida turibdi, xolos. Issiq suv bor, lekin ba`zan o`chib qoladi», — deya so`zlarini davom ettiradi karantindagi erkak.

«Oromgoh bir kun oldin ogohlantirildi»

«Gazeta.uz» «Sokol» oromgohi direktorining tarbiyaviy ishlar bo`yicha o`rinbosari Madina Rasulova bilan bog`langan. Uning so`zlariga ko`ra, oromgoh yozda ishlaydi, ammo karantin holatidan xabardor bo`lgan.

«Menga lager rahbariyati (direktor Sobir Xoliev — tahr.) 500 ga yaqin odam karantinda ekanligi to`g`risida xabar berdi. Ular bilan hali hech kim gaplashmadi. Ular bilan gaplashishi mumkin bo`lgan odamlar yo`q. U erda oshxona ishchilari va nari borsa yugurdaklik qiladiganlar ishlaydi, xolos. Farroshlik qilib kelgan ayollar karantin sababli ishlashni xohlamay bo`shab ketdi. Mana, endi bularning barchasi aslida texnik xodim bo`lgan erakaklar gardaniga tushdi. Ularni bu erga olib kelganlar tomonidan hech narsa tashkillashtirilmadi. Hatto ular bilan gaplashib, tushuntirish beradigan odam ham yo`q», — deydi u.

Uning so`zlarga ko`ra, «Sokol» bolalar sog`lomlashtirish oromgohi bo`lib, u erda yozda dam olinadi. «Biror marta qishda u erda ishlamaganmiz. Elektrga kelsak, kuchlanish tufayli hammasi «otiladi». Uchta korpusning ikkitasi ishlaydi, chunki uchinchisini ham yoqsangiz, hammasi «uchadi». Ovqatlanish xonasidagi 7 kishi 500 kishiga xizmat ko`rsatadi. Kelganlar juda yaxshi sharoit va shu kabilarni kutgan bo`lsa kerak, lekin ularni «Sokol»ga olib kelishgani bizning aybimiz emas. Menimcha, odamlarni bunga umuman qodir bo`lmagan bolalar sog`lomlashtirish markaziga joylashtirish haqida qaror chiqargan odam buni tashkillashtirishi kerak edi», — deydi direktor o`rinbosari.

Madina Rasulovaning ta`kidlashicha, oromgoh yo`lovchilarning karantinga joylashtirilishi haqida oldindan ogohlantirilmagan. «Xodimlar ikki kechadan beri uxlamayabdi, chunki oromgoh iyunda ochilishi kerak edi. U sentyabrda yopildi va hozir ochildi. Odatda ta`mirlash ishlari aprel—may oylarida amalga oshiriladi. Odamlar bitta umumiy dush borligidan shikoyat qilmoqda. 48 kishiga 6 ta dush kabinasi va 6 ta sanuzel bor. Bu bolalar sog`lomlashtirish markazi, pansionat yoki besh yulduzli mehmonxona emas», — deydi u.

«Sokol» sport-sog`lomlashtirish markazi vakilining so`zlariga ko`ra, u oromgohga tashrifi chog`ida Toshkent viloyati hokimligiga qishgi mavsumda isitish uchun imkoniyat yo`qligini tushuntirgan. «U erda hozir haqiqatdan ham sovuq, chunki bino devorlari betondan. Ularning har birining xonasiga 100 ga yaqin isitgichlar keltirildi», — deydi Madina Rasulova.

 

Xabarda aytilishicha, oromgoh hududida 550 kishi bor. Ularning kelishi haqida oromgoh ma`muriyati bir kun avval xabardor qilingan.

Tahririyat «Sokol» direktori Sobir Xolievdan izoh ololmagan.

Toshkent viloyati ma`muriyati «Sokol» oromgohida karantinda saqlanayotgan fuqarolarning muammolarini eng qisqa vaqt ichida hal etishga va`da bergan. Shuningdek, Toshkent viloyati va Bo`stonliq tumani hokimlari hamda Vazirlar Mahkamasi va Sog`liqni saqlash vazirligining boshqaruv xodimlari muammoni hal etish uchun jo`nab ketgan.

Odamlarni qulayroq sharoitlarda joylashtirish rejalashtirilgan. Ular ikki kishidan joylashtiriladi va koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun tezkor testdan o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar