Xitoylik mashhur aktyor Jeki Chan Hindistonga o`zining yangi “Kung-fu yoga” filmini suratga olgani keladi. Bu haqda u Hindistonning IANS (Indo-Asian News Service) axborot agentligiga bergan intervyusida aytib o`tdi, deb yozadi kun.uz nashri.
Film Xitoy va Hindiston hamkorligida olinadigan birinchi film bo`ladi. Tegishli kelishuvga o`tgan yilning sentyabr oyida Nyu-Dehliga Xitoy rahbari Si Szinpin kelganda erishilgan edi. Film syujeti va uning ekranlarga chiqarilishi sanasi ma`lum qilinmagan. Shu narsa ma`lumki, film Channing ko`pchilik filmlari (“Tangri qurol-yarog`lari”, “Polisiya voqeasi”) kabi komediya va jangari sahnalarga boy bo`ladi.
Channing aytishicha, “Kung-fu yoga” filmining suratga olish ishlari kuzda boshlanishi mumkin. Aktyor agar unga qiziq ssenariy taklif etilsa, Bollivudda ham suratga tushishi mumkinligini bildirib o`tdi. “Men kinoni Bollivud yoki Gollivudga ajratmayman. Men uchun asosiysi ssenariy yaxshi bo`lishi kerak”, deb aytdi Chan.
Jeki Chan hind kino ustalari bilan birgalikda ishlash tajribasiga ega. U 2005 yilda “Afsona” filmida hind akstrisasi Malika Sharofat bilan birga suratga tushgan.
Yaqinda Hindiston ekranlariga Chan bosh rol o`ynagan “Ajdarho qilichi” filmi chiqdi. Film voqealari Qadimiy Xitoyda, Xan sulolasi hukmronlik qilgan davrlarda bo`lib o`tadi. Filmda Chan bilan birga Gollivud aktyorlari Jon Kyusak (“2012″) va Edrien Broudi (“Pianinachi”) rol ijro etgan.





