Davlat tilini rivojlantirish departamenti Axborot kommunikasiyalari va texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda til.gov.uz saytini ishga tushirdi. Bu haqda departament matbuot xizmati xabar qildi.
Aytish lozimki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O`zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida 2019 yil 12 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining o`zbek tilining davlat tili sifatida qo`llanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo`llab-quvvatlash, o`qitish metodikasini takomillashtirish bo`yicha 2019-2020 yillarga mo`ljallangan (47 banddan iborat) chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.
Dasturda davlat tilining internet tarmog`idagi nufuzini oshirish, axborot texnologiyalari vositasida o`zbek tilini o`rganmoqchi bo`lganlar uchun qulayliklar yaratish bo`yicha vazifalar belgilangan.
Ushbu tavsiyalardan kelib chiqib tayyorlangan Veb-sayt quyidagi qulayliklarga ega:
- foydalanish uchun qulay;
- sodda, aniq va ommabop;
- video va audio kontentlar, xususan, onlayn darslar uchun platforma bo`lib xizmat qiladi;
- lotin alifbosida;
- eng muhimi, til qoidalari buzilishi yuzasidan shikoyat qilish yoki davlat tilini rivojlantirish bo`yicha takliflar berish mumkin.
Shu bilan birga, Davlat tilini rivojlantirish departamentining ijtimoiy tarmoqlar — “Feysbuk”, “Tvitter” hamda “Telegram” mobil messenjerlarida sahifalari joriy etiladi. Ushbu sahifalar orqali avvalo davlatimiz rahbari boshchiligida o`zbek tilining nufuzini oshirish borasidagi olib borilayotgan islohotlar targ`ib qilinadi. Qolaversa, til rivoji, uning turli kamchiliklardan xoli bo`lishi uchun bildirilayotgan fikrlar o`rganib boriladi, o`rinsiz talqinlarning oldi olinadi.
Chora-tadbirlar dasturiga muvofiq yaratilayotgan onlayn platformalar, qo`llanmalar, lug`atlar, dasturiy ilovalarning sayt orqali targ`ibotini yo`lga qo`yish ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar auditoriyasini kengroq qamrab olish imkonini beradi.