“Etik” ichida “zamburug`”. Yoxud Italiya nega koronavirusga qarshi kurasha olmadi?

Dunyo 25.03.2020, 09:05
“Etik” ichida “zamburug`”. Yoxud Italiya nega koronavirusga qarshi kurasha olmadi?

Xalqaro tadqiqotchilar jamoasi tomonidan yuritiladigan “Worldometers” portali ma`lumotiga ko`ra, bugun dunyoda koronovirus (COVID-19) pandemiyasi qamrab olgan kishilar soni 400 mingdan ortiqni yoki dunyo aholisining 0,004 foizini tashkil etmoqda. 

Kasallanganlar ichida vafot etganlar 16,5 ming nafarini (4,3%) va sog`ayib ketganlar 102,5 ming nafar (26,7%). 

Albatta kasallik dunyo miqyosida bir tekis tarqalmagan. Xususan, koronovirusdan eng ko`p jabr ko`rayotgan mamlakat Italiya bo`lib qolmoqda. 

Bugungi kunga kelib mazkur mamlakat aholisining (60,4 mln. kishi) qariyb 64 ming nafari koronovirusga chalingan. Bu esa har minginchi italiyalik koronovirus bilan zararlanganini anglatadi yoki har bir million kishiga 1057 nafar bemor to`g`ri kelmoqda. 

Mazkur kasallikdan vafot etganlar soni bo`yicha ham Italiya jahonda eng ko`p qurbon bergan mamlakat bo`lib turibdi – 6 mingdan ko`proq yoki jami kasallanganlarning 9,5 foizi

Afsuski Italiyada mazkur kasallikka chalinganlar o`rtasida sog`ayganlar ko`rsatkichi ham unchalik yuqori emas hozircha – bor yo`g`i 7,4 ming kishi (11,6 foiz) tuzaldi. 

Ta`kidlash joizki, Italiya kasallik o`z hududida aniqlangan (2 kishi) dastlabki kunlardayoq, ya`ni 31 yanvarda mamlakatda favqulodda holat joriy qilgan bo`lishiga qaramay, pandemiyaning bu qadar keng quloch yoyishini to`xtatib qola olmadi. 

Xo`sh bunga sabab nima?

Qanchalik achinarli bo`lmasin bunga asosiy sabab – italiyaliklar dastlabki kunlarda ko`rko`rona qahramonlik ko`rsatishib, turli umumiy ovqatlanish muassasalarida to`planishni to`xtatishmaganligi, fleshmoblar uyushtirib, “o`zlarining koronovirusdan qo`rqmasligini” ko`rsatishi bo`ldi, deyishmoqda kuzatuvchilar.

Natijada 30 kun ichida Italida koronovirus yuqtirganlar soni ming marotaba ortib, 2 martdayoq 2 ming kishidan ortiq fuqaroga yuqdi. Bu paytda mamlakatda 50 nafardan ortiq bemor halok bo`lib ulgurgan edi.

Keyingi kunlarda kasallanganlar soni har kuni geometrik progressiafavya bilan ortib borishi oqibatida, tabiiy ravishda, uning tarqalishini to`xtatish ham, bemorlarni davolash ham qiyinlashib boraveradi. Chunki har qanday mamlakatning epidemiyaga qarshi salohiyati iqtisodiy imkoniyatlar va kasallanish ko`lamiga teskari proporsiyada bo`ladi. 

Yuzaga kelgan vaziyatda Italiya hukumati eng og`ir karantin choralarini joriy qilishga majbur bo`lmoqda:

- fuqarolar eng zarur hollardan tashqari barcha holatlarda mamlakat bo`ylab harakatlana olmaydilar;

- har qanday ko`rinishdagi jamoaviy tadbirlar bekor qilingan;

- mazkur qoidalarga rioya qilinishi ustidan polisiya va armiya nazorati o`rnatilgan.

- karantin choralarini buzgan fuqarolar jarima yoki qamoq jazosiga tortiladi[1].

Eng muhimi emidemiya ko`lami kengayib ketganligi tufayli mazkur cheklovlar qanchalik uzoq davom etishi noma`lumligicha qolmoqda. Bu esa uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi turgan gap.

O`zbekiston va o`zbekistonliklar qanday xulosa chiqarmog`i lozim?

Faqat aqlsiz kishilar o`z xatolaridan xulosa chiqaradilar, deyishadi. Shunday ekan, italiyaliklar qoqilgan chuqurlarni biz — o`zbekistonliklar chetlab o`tishimiz lozim. 

Buning uchun, bugungi kunda O`zbekistonda kiritilgan karantin cheklovlariga so`zsiz amal qilish har bir fuqaroning hayot-mamot masalasiga aylanmog`i lozim.

Hozirda amal qilishimiz kerak bo`lgan choralarni qanchalik sabr-toqat bilan qabul qilsak, koronovirusning mamlakatimizda tarqalishi shunchalik cheklanadi va ushbu cheklovlar tez fursatlarda echilishi imkoniyati ortadi. 

Boshqa tomondan, fuqarolarimiz davlat tomonidan virus tarqalishining oldini olish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarga o`z hissalarini qo`shishsa, nur ustiga a`lo nur bo`lgan bo`lar edi. Xususan, qo`shni Qozog`istonda mamlakat fuqarolari tomonidan shu maqsadlarda yig`ilgan xayriya mablag`lari miqdori bir necha kun ichida salmoqli mablag`ni tashkil etgani, o`zbekistonliklarni ham befarq qoldirmagan degan umiddamiz. 

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, bashariyat va yurtimiz boshiga ish tushgan bugungi kunlarda, har bir fuqaro o`zining mas`uliyatini namoyon etsa, Italiyadagi kabi tizginsiz vaziyat yuzaga kelmasligiga ishonamiz.

 

Suxrob Yusupov, tahlilchi

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1