AsosiyJamiyat

Islom Karimov: "Mana shunday olijanob, bag`rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish – men uchun eng yuksak

Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag`ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo`shma majlisidagi nutq so`zladi.

Nutq matni O`zA tomonidan e`lon qilindi. Unda I.Karimov “Menga bildirilgan ishonchni o`zim uchun avvalo ulkan mas`uliyat va katta sharaf deb bilaman va yana bir bor aytmoqchiman – bunday yuksak, hech narsa bilan o`lchab bo`lmaydigan xalq ishonchini oqlashga, bajo keltirishga butun borlig`imni safarbar qilaman”, - dedi.

Davlat rahbari nutqida fermer xo`jaliklarimiz bugungi kunda qishloq xo`jaligi mahsulotlarining nafaqat 90-92 foizini ishlab chiqarayotgani, balki qishloq hayotining taraqqiyotini o`z zimmasiga olgan ijtimoiy-siyosiy harakatga aylanib borayotganini;  bugungi kunda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining 56 foizini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ishlab chiqarayotganini, hozirgi vaqtda ish bilan band aholimizning 75-77 foizi bu sohada mehnat qilayotganini; oxirgi 10 yil davomida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o`sish sur`atlari 8 foizdan oshib kelayotgani va 2015 yilda ham bundan kam bo`lmasligini ta`kidladi.

Prezident shular haqida gapirar ekan, “eng avvalo, eski mustabid tuzumdan qolgan asoratlarga barham berish va bugun hamon o`z echimini kutayotgan turli muammolarni hal qilishimiz, qabul qilgan qonunlarimizni izchil amalga oshirish, olib borayotgan islohotlarimizni yanada chuqurlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi”, - dedi.

Nutqda ma`muriy-buyruqbozlik tizimining hamon saqlanib qolayotgan har qanday shakllaridan voz kechib, davlat organlari, biznes va xususiy sektor o`rtasidagi vazifa va vakolatlarni aniq belgilab qo`yish, savdo operasiyalarini, chakana savdodan tashqari, asosan birja orqali amalga oshirish tizimiga o`tish kerakligiga; korporativ yoki aksiyadorlik birlashmalari faoliyatiga ham ko`pgina xorijiy firma va kompaniyalar tajribasi asosida tegishli o`zgartirishlar kiritish zarurligiga to`xtalib o`tilgan.

Shuningdek, Islom Karimov o`z nutqida “Yana va yana bir bor aytishni o`zimning burchim, deb bilaman – O`zbekiston hech qanday harbiy-siyosiy blokka qo`shilmaydi, o`z hududida chet el harbiy bazalarini joylashtirishga, bizning harbiylarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo`lishiga mutlaqo yo`l qo`ymaydi”, - deb ta`kidladi.

Hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi munosabati bilan o`z tabrik va qutlovlarini yo`llagan barcha davlat rahbarlariga, siyosat va jamoat arboblariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

“Menga yuksak ishonch bildirgan ona xalqimga bosh egib, yana va yana bir bor ta`zim qilaman.

Mana shunday olijanob, bag`rikeng xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan xizmat qilish – men uchun eng yuksak sharaf, oliy saodatdir”, - deb nutqni yakunladi Islom Karimov.

Manba: uz24.uz

    Boshqa yangiliklar