Poytaxtimiz Toshkent chorrahalarida kuzatuv kameralari o`rnatilishi bo`yicha ish olib borilayotganidan ko`pchilikning xabari bor. Mazkur ish joriy yilning yakuniga qadar to`liq bajariladi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YXXB jamoatchilik va OAV bilan aloqa qilish bo`linmasi boshlig`i, podpolkovnik Zoir Saydaliev xabar berdi, deb yozadi telegraf.uz nashri.
— Video kuzatuv moslamalari poytaxtimizning serqatnov chorrahalariga o`rnatiladi, — deydi Zoir Saydaliev. — Ayni vaqtda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda va bu moslamalarni joriy yilning oxirigacha to`liq ishga tushirish rejalashtirilgan. Video kuzatuv moslamalari avtomatik boshqaruvda to`g`ridan-to`g`ri, onlayn tarzda ishlaydi.
Yaratilayotgan tizim shahrimizning serqatnov chorrahalarida vujudga kelayotgan vaziyatlarni kuzatish hamda harakatni avtomatik tarzda tartibga solish imkonini beradi. Shu bilan birga yo`l harakati qoidabuzarliklarini tezkor va o`ta aniq darajada belgilash choralarini ta`minlaydi. Ushbu yangilik chorrahalardagi svetoforlarning ishlash tartibini muvofiqlashtirish evaziga ko`chalardagi qatnovni izchillashtiradi. Transport tirbandligi darajasi 20-25 foizga kamayib, ko`zlangan manzilga etib borish vaqtini qisqartirish imkonini beradi. O`z navbatida yo`llarda harakatlanish xavfsizligi darajasini oshirib, yo`l-transport hodisalari sonining keskin kamayishiga olib keladi, transport vositasining yoqilg`i sarf-xarajatini ham tejaydi. Eng muhimi, shahrimizdagi ekologik vaziyatga o`z ta`sirini ko`rsatadi. Chunki, avtoulovning yoqilg`i sarfi iqtisod qilinsa, dvigatelning zararli chiqindilari 5-10 foizga kamayadi, — deydi Zoir Saydaliev.
14.04.2015 12:00





