O`zbekistonda sement ishlab chiqarish yildan-yilga o`rtacha 3,5 foizga oshayotgani va 2019 yilda 8,9 million tonnaga etishi aytilmoqda. Bu haqda 12news.uz xabar beradi.
Bu kabi ko`rsatkichlar davlat rahbari farmoni bilan tasdiqlangan “2015-2019 yillarda tarkibiy o`zgarishlarni ta`minlash, ishlab chiqarishni modernizasiya qilish va diversifikasiyalash bo`yicha chora-tadbirlar dasturi”da belgilab qo`yilgan. Dastur doirasida O`zbekiston sement bozorining muhim o`rin tutuvchi – “Qizilqumsement” AJ korxonasining shaxsiy vositalari hisobidan 30,7 million dollar mablag` evaziga texnik qayta jihozlash va “Bekobodsement” AJ tegirmon bo`limini 5,5 million dollarlik evaziga modernizasiya qilish ko`zda tutilgan.
Sement ishlab chiqarish hajmini oshirish “Olmaliq TMK” AJ ning ishlab chiqarish quvvatlarini ko`paytirish hisobiga amalga oshiriladi. 2014 yil mart oyida kombinat Jizzax viloyatida qiymati 114,2 million dollar bo`lgan sement zavodini qurilishini yakunladi.
2015-2016 yillarda zavodning ishlab chiqarish quvvati kengaytiriladi va portlandsement ishlab chiqarishni 240 ming tonnaga etkazishga imkon yaratadi (760 ming tonnadan 1 million tonnagacha). Loyihada qiymati 35,8 million dollar bo`lgan kombinatning shaxsiy mablag`lari 9 million dollarni tashkil etadi, Rekonstruksiya va rivojlantirish fondi mablag`lari 14 million dollarni, tijorat banklari kredit mablag`lari 12,8 million dollarni tashkil etadi.
Review.uz ma`lumotlariga ko`ra, Jizzax viloyatidagi “Olmaliq TMK” AJ sement zavodini kengaytirish bilan birga 2019 yilgacha Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida taxminiy qiymati 225 million dollar bo`lgan yangi sement zavodi quriladi. Rasmiy statistika ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda sement ishlab chiqarish o`tgan yilda 2013 yilga nisbatan 5,1 foizga oshgan. Joriy yilda bu ko`rsatkich 7,8 million tonnani tashkil qilishi kutilmoqda.





