Rossiyaning “Rossiya 1” telekanalida “Glavnaya ssena” musiqiy tanlovida yurtdoshimiz, Toshkentlik Sardor Milanoning qatnashayotgani va shu 10 aprel kuni u final bosqichiga chiqqani xaqida xabar bergan edik.
17 aprel kuni loyihaning superfinal bosqichi yakunlandi va Sardor unda g`oliblikni qo`lga kiritdi. Eslatib o`tish lozimki, ushbu bosqichda 5 ta ishtirokchi Sardor Milano, Arsen Mukendi, Aleksandr Ivanov, Kseniya Dejneva, “Moya Mishel” guruhi qatnashdi. Ularning taqdirini teletomoshabinlar interaktiv ovoz berish yo`li bilan aniqlab berishdi. Ovoz berish natijalariga ko`ra, o`zbekistonlik Sardor Milano Konstantin Meladze jamoasidan loyiha g`olibiga aylandi. U tomoshabinlarning 36,38 foiz ovoziga ega bo`ldi.
Qolgan ishtirokchilar ham “quruq” qolishmadi. Aleksandr Ivanov prodyuserlar talqini bo`yicha birinchi o`ringa sazovor bo`lgan bo`lsa, Arsen Mukendi internet-auditoriya talqini bo`yicha g`olib bo`ldi. Kseniya Dejnevoga esa Madaniyat vazirligining maxsus sovg`asi taqdim etildi.
Ma`lumot uchun, 23 yoshli yurtdoshimizning ovoz diapazoni 3,5 oktavaga teng. Odatda opera va estrada xonandalarining ovoz diapazoni 2 oktavaga teng bo`ladi. Sardor ayni vaqtda Moskva shahrida tahsil oladi va yashaydi.