AsosiyJamiyat

Britaniyada o`zbekistonlik yoshlarni karantin tartibiga amal qilishga chaqirishmoqda

'Britaniyada o`zbekistonlik yoshlarni karantin tartibiga amal qilishga chaqirishmoqda'ning rasmi

O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasining Buyuk Britaniyadagi muvofiqlashtiruvchisi, Huquqshunoslik universitetining 2 bosqich talabasi, o`zbekistonlik Sadrijahon Hasanov ushbu mamlakatda koronavirus pandemiyasi bilan bog`liq vaziyat va u erda tahsil olayotgan vatandoshlarimizga ko`rsatilayotgan e`tibor haqida Dunyo AA muxbiriga intervyu berdi.

– Bugungi kunda Er yuzida koronavirus kirib bormagan mamlakat deyarli qolmadi. Ayniqsa, Evropa mamlakatlari, shu jumladan Buyuk Britaniya ham virus girdobida qolmoqda.

Britaniyada karantin boshlanganiga salkam ikki hafta bo`ldi. Bu davr mobaynida mamlakatda barcha ommaviy yig`inlar to`xtatilgan, fuqarolar uydan chiqmaslikka harakat qilmoqda. Odamlar bunday vaziyatda sabr bilan, vahimaga tushmasdan shaxsiy gigiena qoidalariga qat`iy rioya qilishda davom etmoqda. Xususan, Britaniyadagi oliy o`quv yurtlarida ta`lim olayotgan o`zbekistonlik yoshlar ham mamlakatda joriy etilgan karantin tartiblariga og`ishmay rioya qilyapti.

Shu o`rinda mamlakatimizning Londondagi elchixonasi xodimlarining bizga ko`rsatayotgan g`amxo`rligi uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Ular holimizdan doim xabardor, zarur maslahat va yordamlarini ayashmayapti. O`z navbatida, o`zbekistonlik talabalar ham birdamlikda o`zaro aloqada bo`lib turibdi va bir-biriga ko`mak ko`rsatmoqda.

Britaniya hukumati koronavirus inqirozi davrida talabalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida esa turar-joy uchun to`lanadigan ijara pullarini 3 oygacha kechiktirishga ruxsat berdi.

Pandemiya bilan bog`liq vaziyat sabab universitetlar yopilgan. Ammo darslar onlayn tarzda davom ettirilmoqda. Ma`ruzalar video shaklida taqdim etilgani bois ularni qayta-qayta ko`rish va fanni yanada puxta o`zlashtirish imkoniyati yaratilgan. Talabalar shu kunlarda onlayn imtihonlarga tayyorgarlik ko`rmoqda.

Qayd etish darkor, O`zbekistonda Prezidentimiz sa`y-harakatlari bilan virusga qarshi tezkor qator choralar amalga oshirilyapti. O`zbekistonlik tengdoshlarimga karantin qoidalariga qat`iy rioya qilishlarini, bo`sh vaqtdan unumli foydalanishlarini so`rab qolaman. Shu bilan epidemiya sharoitida davlatimiz, xalqimiz va yaqinlarimizga yordam ko`rsatgan bo`lamiz.

Boshqa yangiliklar