Avval xabar qilganimizdek, davlatimiz rahbarining “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan sohada ko`plab yangiliklar joriy etiladigan bo`ldi.
Jumladan, uch oy muddatda jamoat salomatligi va sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari sohasida oliy ma`lumotli kadrlarni tayyorlash bo`yicha alohida tibbiyot oliy ta`lim muassasasini tashkil qilish va o`quv jarayonini 2020/2021 o`quv yilidan boshlashni nazarda tutadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi, deb xabar bermoqda SSV.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvarga qadar N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti va Turkiya Baxchishehir universitetining filiallari va klinikalarini tashkil etish, shuningdek, xalqaro reytinglarga kiruvchi nufuzli xorijiy tibbiyot oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda qo`shma ta`lim dasturlari asosida xalqaro fakultetlar va filiallarni ochish choralari ko`riladi.
Shuningdek, Xalqaro Vestminster va Akfa universitetlarini jalb qilgan holda, ushbu universitetlar hamda tibbiyot oliy ta`lim muassasalarida 2020/2021 o`quv yilidan boshlab sog`liqni saqlash sohasi uchun menejer mutaxassislarni tayyorlash bo`yicha magistrlik yo`nalishi ochiladi.
Joriy yil 1 sentyabrdan esa Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch va Farg`ona shaharlarida joylashgan tibbiyot oliy ta`lim muassasalarida belgilangan tartibda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etiladi.






