AsosiyJinoyat

Qo`lga kishan bo`lgan zanjirlar yoxud o`n sakkizga kirmagan qiz nega jinoyatchiga aylandi?

'Qo`lga kishan bo`lgan zanjirlar yoxud o`n sakkizga kirmagan qiz nega jinoyatchiga aylandi?'ning rasmi

Oliy sud telegram kanalida jinoyatchilik oqibatida qismatiga qora bitilgan qiz haqidagi maqola e`lon qilinibdi. Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy shahar sudi raisi Sherzod  MAMIROV va jurnalist  Marusa HOSILOVA hammuallifligida tayyorlangan ushbu sud ocherkini to`laligicha e`tiboringizga havola qilamiz:

Dunyo yaralgandan buyon qiz farzand nafaqat oila or-nomusi, g`ururi, balki butun bir millatning, elning, yurtning ori-g`ururi sanalgan. To`g`ri, qiz bolaning tarbiyasi alohida mehnat va mashaqqatni talab etadi. Bugun farzand tarbiyasi, ayniqsa, qizlar tarbiyasi juda murakkab va og`ir vaziyatlarga ro`baro` kelayotganligi hech kimga sir emas. Zamonning shiddat bilan o`zgarishi, internet to`lqinlari, G`arb “saboq”lari yoshlarni aql–zakovatga suyanib emas, balki hissiyotlarga, hoyu havaslarga berilib “ish” tutishiga sabab bo`layapti. Farzandlar, ayniqsa, qizlar tarbiyasiga hayot-mamot masalasini ko`ndalang qo`yib e`tibor berish lozimligini, or va nomus chorrahasida turib ularga ko`z-quloq bo`lishimiz zarurligini unutmasligimiz kerak!

                 Or va  g`urur chorrahasida…

Bir donishmanddan “O`limdan ham og`ir nima bor?” deya so`rashganda, u “qiz  bola keltirgan isnod” deb javob bergan ekan.       O`ylanib qolasan kishi, isnod yillar davomida yuvilmaydigan, avlodlardan avlodlarga  o`tib, dog` bo`lib qoladigan la`natdir. Isnodning katta-kichigi bo`lmaydi. Isnod miqdor bilan o`lchanmaydi. Uning shaklu shamoyili ham bir xil emas. Isnod – or-nomus degan muqaddas tushunchani yodga soladi. Isnod – bir gunoh sababli  qizi bor onalarning bir kechada oqargan sochlari, otalarning qaddi bir kunda bukilgani, singlisi bor akalarning oriyatdan qizargan yuzlari- isnod… Hali ona suti og`zidan ketmagan yoshlarning ko`cha-kuyda, jamoat joylarida o`xshamas, behayo qiliqlari isnoddir, ba`zi erkatoy qizlarning tungi barlarda, chilimxonalarda tonggacha mast-alast,  sarxush bo`lib  yurishi isnod emasmi? Yoshlikning tor yo`lida adashib, o`z hayotini, kelajagini barbod qilgan yuzi qaro qizlarning qilmishlaridir isnod! Jinoyat ko`chasiga kirib, sudning qora kursisiga necha  martalab o`tirishdan uyalmaydigan voyaga etmagan qizning kechirilmas qilmishlari  emasmi isnod?

                            Yomon boshlanish – xunuk oqibat

Maftuna Sobirova 2001 yilda Karmana tumanida tug`ilgan. Namangan shahridagi umumta`lim maktabida o`qiydi. U birinchi marta jinoyat sodir etganida o`n etti yoshda edi.

O`n etti yosh… Ta`rifu tahsinlarga sig`maydigan shunday go`zal yoshlikni uvol qilgan, o`n sakkiz ming olamga dog` tushirgan bu qizning yo`llarida nur yo`q,  yaxshilikdan sado yo`q. 2018 yilda jinoyat ishlari bo`yicha G`ijduvon tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 661 moddasi tartibida tomonlarning yarashganlik munosabati bilan tugatilgan.

 Ammo bebosh qizga bu marhamat bor-yo`g`i uch-to`rt oy ta`sir ko`rsatdi xolos. O`rgangan odat…  yana o`rtandi… Ikkinchi bor qilgan jinoyati  uchun 2019 yilda jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy shahar sudida  Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan Jinoyat kodeksiga ko`ra bir yil ozodlikdan cheklash, Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida 10 oy 29 kun ozodlikdan cheklash jazosiga tortildi.

Xalqimizda “Ko`r hassasini bir marta yo`qotadi” degan maqol bor. Afsuski, bu maqol ham bu qiz uchun behuda  ketdi. Agar ushbu maqol qizga ta`sir qilganida edi, u  oradan  bor-yo`g`i  uch oy o`tib, yana  yangi jinoyat sodir etmagan, sudning qora kursisiga yana o`tirmagan, hassasini qayta-qayta yo`qotmagan bo`lardi. Qilmishlarining oqibatini o`ylab ko`rishni xohlamayotgan bu qizcha uchinchi bor o`tgan yilning may oyida jinoyat ishlari bo`yicha Jizzax shahar sudi tomonidan Jinoyat kodeksiga ko`ra 1 yil 6 oy ozodlikdan cheklash, Jinoyat kodeksining 62-moddasi tartibida 1 yil 2 oy, 12 kun ozodlikdan cheklash jazosiga hukm etilgan, jazo o`talmagan. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblangan va 2019 yilning 13 iyunidan  “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.

                            Kishan bo`lgan  tilla zanjirlar

Jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilib, Namangan shahriga uyiga ketgan qiz  26 may kuni otasi Ikrom Sobirov, akasi Akbar bilan Navoiy shahriga turmushga chiqqan opasinikiga mehmonga keladi. Ertasi kuni opasi Nasiba bilan birga Maftuna Navoiy shahar Buyum bozorida  “Adham gold” xususiy korxonasiga qarashli savdo do`koniga xaridor sifatida kirib, opasi tilla zirak xarid qilish maqsadida taqinchoqlarni ko`zdan kechirayotganligidan foydalanib, do`kon rastasi ustida turgan,  sotuvchi va opasining e`tiborsizligidan foydalanib,   ichida umumiy qiymati 164.700 000 so`mlik tilla taqinchoqlari bo`lgan qutini       o`g`irlab, voqea joyidan chiqib ketadi.

Tilla do`kondan katta miqdordagi tillalarni o`g`irlab chiqqach, uni  bozordan sal nariroqda yo`l yoqasidagi o`tlar orasiga yashirib, yana qaytib do`konga opasining yoniga kelganligi va  undan qaerga ketib qolding, deb so`rashganda, dollarni so`mga almashtirib kelganligini aytgani, sotuvchi bilan opasi undan biror narsa olmadingmi, degan so`ziga yo`q deb javob berib, opasi  Nasiba bilan do`kondan chiqqandan so`ng  hech narsa ko`rmagandek, opasining uyiga borib, keyin tezda iziga qaytib tillalarni yashirgan joyiga keladi va u erdan taqinchoqlarni olib, Karmanadagi avtoshohbekatdan   Toshkent shahriga ketib qolgan o`g`ri qiz Namangan shahriga borib,  notanish tilla sotuvchiga o`g`irlangan mollarining  bir qismini sotib, o`ziga sport kiyimlari va “Ayfon” telefon apparati sotib oladi. Qolgan pullarni boshqa maqsadlari uchun ishlatadi. Tilla taqinchoqlarning qolgan qismini amakisining uyidagi gultuvakning ichiga yashirib qo`yadi. Ammo Maftuna chuchvarani xom sanagan edi, uning bu “pishiq”ligi uzoqqa bormaydi. 2019 yilning 2 iyunida amakisining uyida otasi Ikrom Sobirov, akasi Akbar va qarindoshlari Anvarlar bilan o`tirgan vaqtida ichki ishlar bo`limi xodimlari kelib, uni Namangan ichki ishlar idorasiga, keyinchalik esa uni Navoiy shahriga olib ketishadi.  Ustasifarang qizning o`z aybini tan olishdan boshqa chorasi qolmaydi. U ichki ishlar xodimlariga bo`lgan voqeani aytib, aybiga iqror bo`ladi va opasiga qo`ng`iroq qilib, otasi va akasi tilla buyumlarni olib kelib berishini so`raydi-yu, ammo… xayolidagi  yangi “reja”sini amalga oshirish uchun Namangan shahriga borsa tilla taqinchoqlarni  o`zi olib berishini aytib, Namanganga borganlarida esa ichki ishlar idorasi xodimlarini aldab, qochib ketadi. U bu qilmishi uchun ham qonun oldida javob berishi aniq. Voyaga etmagan qizning egri yo`lda yurishdan, ozodlikdek buyuk ne`matdan ayrilishdan, guldek umrini xazon,  kelajagini barbod qilishdan, ota-onasiga isnod keltirishdan qo`rqmasligi kishini hushyor torttiradi, aniqrog`i, qo`rqitadi.

Sababsiz oqibat yo`q…

Bu jinoyatning ildizi qaerda degan haqli savol  tug`ilishi tabiiy. Odatda o`zbekchilikda otasi bor qizlar, akasi bor singillar ularning qattiqqo`lligi bois to`g`ri yo`ldan adashmaydilar, ostona hatlab yomon ko`chalarga chiqmaydilar. Ammo Maftuna nega otasi va akasi bo`la turib,  jinoyatning ko`chasiga bir necha bor kirib chiqdi? Uni nega bu boshi berk ko`chalardan, bu xatarli yo`llardan qaytarishmadi? Nega bu qora qilmishlardan hech kim xulosa chiqarmadi? Yoki ularning o`zlari ham bu “savdolar”ga sherikmi, degan yana bir savol tug`iladi.

 Sud materiallarida oila boshlig`i Maftunaning otasi   I. Sobirov Zangiotadagi jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o`tayotgan turmush o`rtog`ini ko`rish uchun borganligi haqidagi fikrlarni o`qib, kalavaning uchini topgandek bo`ladi kishi. Xalqimizning “Qush uyasida ko`rganini qiladi” yoki  “Onasini ko`rib, qizini ol” degan maqollari aynan shu oila a`zolariga aytilgandek.

Ammo uni bu yo`llardan qaytarishga mas`ul odamlarning o`zi tarbiyaga muhtoj ekan, mas`ul idoralar-chi? Ular nega bu ish bilan shug`ullanmadi? Bu qiz bir emas, bir necha bor bilib turib jinoyat qilsayu, unga panja orasidan qarashda davom etsak… Sababsiz oqibat yo`qligini unutib qo`ysak, ertaga qanday ishlaymiz, qanday yashaymiz? Kelajak haqidagi ertaklarimizga kimni ishontirmoqchi bo`layapmiz?..

Jinoyat ishlari bo`yicha Navoiy shahar sudi tomonidan jinoyatga yarasha jazo tayinlandi. Unga insonparvarliklar ko`rsatish behudaligini, to`rtinchi bor jinoyat sodir etganligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining  169-moddasi 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganligini nazarda tutib, Maftuna Sobirovaning o`tgan galgi o`talmay qolgan jazosini qo`shgan holda 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tarbiya koloniyalarda  o`talishi belgilab qo`yildi. Bolasining qilmishi uchun otasi ham tovon to`laydigan bo`ldi. Hukmda I.Sobirovdan tilla taqinchoqlar do`koni egasiga  88 million 800 ming so`m undirilishi ham  qayd etilgan. Bu beparvolik barcha kulfatlarning sababi hisoblanishini isbotlab turgan  oddiy haqiqat.  Otaning beparvoligi qizining egri yo`llardan jar yoqasiga kelib qolishiga sabab bo`ldi.  Qo`llariga kishan bo`lgan tilla zanjirlar o`n sakkiz yoshli qizga saboq bo`ldimikan? U eng gullagan yoshlik chog`ida to`rt marta jinoyat sodir etganidan pushaymon va afsus chekarmikan?

Boshqa yangiliklar