AsosiyShou-biznes

Zarina Nizomiddinova: “O`zim haqimdagi gap-so`zlarga e`tibor bermayman”

Loyihaning galdagi qahramoni doim gap-so`zlar qurshovidagi aktrisa va keyingi vaqtlarda xonandalik, “biznes-women”lik faoliyatiga qo`l urgan Zarina NIZOMIDDINOVA. Ko`ramiz, dangal so`zlovchi bu aktrisa savollarimizga ham shunday javob berarmikin?

1. Zarina, “Ikkita qayiqni boshini tutgan, suvga g`arq bo`ladi”, deyishadi. Sizning “qayiq”laringiz bir nechta ekani bois  bugun san`at “ummon”iga g`arq bo`ldingizmi?

— Raqqosalik, aktrisalik, xonandalik san`atning turlari bo`lgani uchun ularni bitta “qayiq” deb hisoblayman. Kamnamoligimga shaxsiy hayotimdagi muammolar va rejissyorlardan ko`nglimdagidek takliflar yo`qligi sabab.      

2. Liboslar do`koni ochgandingiz, uning taqdiri ijodingizdagi inqirozni takrorladimi?

— To`g`ri, “biznes-women” bo`lish qo`limdan kelmadi. Shu sabab bu faoliyatimga chek qo`ydim. Aslida go`zallik saloni ochmoqchi edim. Fikrimdan qaytrishgani uchun liboslar do`koni ochgandim. To  so`nggi nuqtagacha xohishimga qarshi ish bo`lgani bois bu faoliyat yarim yo`lda to`xtadi.   

3. Undan ko`ra raqs bilan bugunga qadar professional darajada shug`ullanganingizda aktrisalikdan ko`ra ko`proq muvaffaqiyatlarga erisharmidingiz...

— Ustozim Karima Uzoqova ham sizning fikrlaringizni ko`p takrorlagan. Hatto “Toshkent zebolari” raqs ansambliga qaytishim kerakligini ham ta`kidlagandi. Raqsda o`zimni ko`rolmaganim bois kinoni tanlaganman. Kinoda ishlash oson deyish fikridan yiroqman. Shuni bilamanki, suratga olish maydonchasida o`zimni suvdagi baliqdek his etaman.

4. 16 yoshingizda kinodagi faoliyatingizni professional rejissyor Tamara Kamalovaning filmidan boshlagansiz. Shundan kelib chiqsak, sayoz “film”larda suratga tushishingiz ijodda yuqorilash emas, iste`dodingizni pulga chaqish-ku!  

— Sayoz “film”larda suratga tushganimdan judayam afsuslanaman. Jahongir Poziljonov bilan birgalikda suratga tushgan “Iltimos, menga qarang” filmi ham shular jumlasidan. Avvallari mahoratli rejissyorlar filmiga taklif etsa hursand bo`lardim. Hozir o`sha rejissyorlarning kinokartinalari ham haminqadar bo`lib qolgan. Lekin iste`dodni charxlab turish uchun sayoz filmlar orasidan yaxshiroq taklifga ko`nishga  majbur bo`lyapman-da.

5. Jiddiy janrlardagi filmlarda nega rejissyorlar sizga jabrdiyda ayol rolini munosib ko`rarkin?

— Rejissyorlar ta`biri bilan aytsam, ko`zim “gapiradi”. Tan olaman, jabrdiyda, og`ir-bosiq qiyofalar “qolip”iga tushib qolgan aktrisaman. “Romeo va Juletta” filmidan so`ng rejissyorlardan shu “qolip”dagi rollar yog`ila boshlagan va bu holat davom etmoqda.  

6. Filmda sizga munosib “turmush o`rtoq” — Ulug`bek Qodirov, Adiz Rajabov, Alisher Uzoqov, Umid Iskandarov?

— Umid Iskandarov. “Oqibat” filmidagi Umid bilan juftligimga ishonaman, go`yo o`sha oila hayotda bordek. Qolgan partnyorlarim bilan ishtirokimdagi kinokartinalarni ko`rganimda ekrandagi Zarina Nizomiddinova ko`raman, xolos.  

7. Omma oldida juda kalta yo ochiq liboslarda ko`rinish o`zingizga erish tuyulmaydimi?

— Yo`q, doim o`zimga yarashadigan va qulay liboslarni kiyishga odatlanganman.

8. “Nega doim gap-so`zlar mening atrofimda aylanaveradi?” degan savolga hech javob topib ko`rishga uringanmisiz?

— Yo`q! San`atkor ishining ijobiy tomonlari bilan birga shunday qiyin taraflariga ham chidashni bo`yniga olib, shu sohaga qadam qo`yadi. Umuman olganda, gap-so`zlarga bee`tiborman. Chunki inson borki, xato qiladi. Beayb -parvardigor.

9. Zarina Nizomiddinovaning fojiasi...

— ...to`laqonli oilam yo`qligi. Nasib etsa, sevib oila qurish va yana bitta o`g`il farzandli bo`lishni niyat qilganman.

Maxsus savol!

10. Otabek Mahkamov, huquqshunos: — Ishtirokimizdagi “Men yulduzman” filmida qahramoningiz Lolaning qaysi jihatlari sizniki bilan bir xil. Va uning fe`lidagi qaysi qusurlar sizda bo`lmasligini istardingiz?

— O`jarligi, shoshqaloqlik bilan qaror qabul qilishi va itdan  qo`rqishi o`zimga o`xshaydi. Qahramonim fe`lidagi kuchli nafrat  shukrki, mening tabiatimga xos emas. Har doim  odamlarning ko`ngliga qarab muomala qilaman, nimadir yoqmasa ham bilintirmayman.

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.  

    Boshqa yangiliklar