Bugun, 11 aprel kuni kechki payt koronovirusga chalingan Farg`ona viloyati Yozyovon tumanida yashovchi, Umra safarida bo`lib qaytgan 59 yoshli fuqaro N. o`tkir respirator disstres sindrom, o`tkir nafas etishmovchiligi hamda o`pka-yurak etishmovchiligi natijasida vafot etdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, marhum N.da joriy yil 25 mart kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi. Bemor (ayol) shu yili 31 mart kuni sun`iy nafas olish apparatiga ulangan. Bemorda o`pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, gipertoniya 3-bosqich, arterial gipertenziya 3-daraja, xavf o`ta yuqori bo`lganligi sababli kasallik og`ir kechib, u 12 kun davomida sun`iy nafas olish apparatida bo`lgan.
Davolanish davrida tibbiyot fanlari doktori, professor A.Xadjibaev rahbarligida Sog`liqni saqlash vazirligi bosh pulmonologi, professor I.Liverko, etakchi reanimatologlar D.Sobirov va X.Sattorov ishtirokida bir necha bor videoaloqa orqali kerakli tavsiyalar berib borilgan. Bundan tashqari, davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham olib borilgan.
Eslatib o`tamiz, bu yurtimizda koronovirus oqibatida o`lim qayd etilgan to`rtinchi holat.
Avvalroq, 27 mart kuni koronavirus bilan kasallangan namanganlik 72 yoshli ayol, 28 mart kuni toshkentlik 39 yoshli erkak va 8 aprel kuni chirchiqlik 40 yoshli erkak vafot etgandi.