AsosiyJamiyat

Olti yoshli bolani maktabga bermoqchimisiz? Shoshilmang, chunki...

Navbatdagi o`quv yili ham nihoyasiga etib bormoqda. Ammo maktabga chiqish yoshida bo`lgan bolajonlar uchun imtihonli davrlar yaqinlashmoqda. Bugungi kunda aksariyat 6 yoshli bolalarning ota-onalari farzandini maktabga chiqarish yoki chiqarmaslik haqida o`ylayotgani  sir emas. Chunki ko`pchilik ota-onalar 6 yoshli bola hali maktabga tayyor bo`lmaydi, deb xulosa qilsa, ayrimlar “bir yil bo`lsa ham oldinroq chiqsin, eplab ketadi», deya fikrlaydi. Ammo bu tushunchalar qanchalik asosli? Xo`sh, olti yoshli bola 1-sinfga qabul qilinishga tayyor bo`ladimi? Mushtariylarni qiziqtirgan mavzuga doir savollarga O`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi bo`lim boshlig`i Limona Ahmedova va bosh metodist Muhayyo Roziqovalar javob beradi.

QAChON TAYYoR HISOBLANADI?

Ayting-chi, 6 yoshli maktabga chiqayotgan bola qanday talablarga javob berishi kerak?

Sh.Zufarova, Toshkent sh.

— Tibbiy jihatdan sog`lom bo`lgan bolada maktabga ijtimoiy psixologik tayyorlik darajasi, diqqati, ko`rish qobiliyati, mantiqiy tafakkuri, kichik qo`l motorikasi, xotirasi, matematik va fazoviy tasavvurlari, og`zaki nutqi, ilk o`quv motivlari shakllangan bo`lishi kerak. Shuningdek, shakl, element, yozuvlarni xuddi o`ziday qilib ko`chirishni bilishi, o`qib berilgan 10-12 ta so`zni esda saqlab takrorlashi, rasm asosida mantiqli hikoya tuza olishi, predmetlarni ko`p yo ozligi, sonlarning katta-kichikligini, predmetlarni guruhlashtirish, umumlashtirish, taqqoslashni hamda qismlardan butun yasashni bilishi kerak. Agar bola berilgan rasm asosida mantiqli hikoya tuza olmasa, o`qib berilgan so`zlarni esida saqlab qola olmasa va boshqa shu kabilarga tayyor bo`lmasa, bu bolaning maktabga chiqqan paytida o`qish va yozishlarni yaxshi o`zlashtira olmasligiga, aqliy ishchanligining pasayishiga, o`qituvchi tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarishda qiynalishiga olib keladi. Buning natijasida bolada stress, tajovuzkorlik, injiqlik, uyqusizlik, ishtahaning yo`qolishi, jismoniy rivojlanishdagi kamchiliklar, bo`y o`sishining orqada qolishi, kamqonlik kabi holatlar kuzatilib, bola sog`ligining yomonlashuviga, hattoki maktabga moslasholmay, maktabdan chiqib ketishiga olib keladi.

Shuningdek, bolada o`ziga bo`lgan ishonch, qat`iyatlilik o`z oldiga qo`ygan maqsadni engish kabi sifatlar shakllangan bo`lishi kerak. Bulardan tashqari o`zi, ota-onasi va oila a`zolarining ismi, familiyasi, ularning kim bo`lib ishlashlari, turar-joy manzili hamda necha yoshdaligi, bir yildan, ikki yildan keyin necha yoshga to`lishini bilishi va boshqa shu kabi ma`lumotlarga ega bo`lishi kerak.

6 YoShLI BOLAGA IMTIYoZ BORMI?

Farzandim joriy yil avgust oyida 6 yoshga qadam qo`yadi. Agar uni 1-sinfga chiqarsam, unga 7 yoshlilardan farqli o`laroq uning o`zlashtirishi uchun alohida engillik yaratiladimi?

B.Haydarova, Qashqadaryo viloyati

Maktabning o`ziga yarasha tartib qoidalari, ta`lim talablari mavjud bo`lib, maktabga qabul qilingan 6, 7 yoshli bolalar bu talablarga bir xil amal qiladi. O`quv faoliyatini yaxshi natijalar bilan o`zlashtirishi, aqliy ishchanlik, tengdoshlari bilan muloqotchanlik, maktab tartib qoidalariga amal qilish kabi holatlarga bola ruhiyati tayyor bo`lishi kerak.

1-sinfga borish bola hayotining eng muhim davrlaridan biridir. Ilk o`quv kunlarida o`quvchilarning ko`pchiligida stress holatlari yuzaga kelib, bu davrda ruhiy kechinmalar ustunlik qiladi. Bu ruhiy kechinmalarni engish boladan kuchli iroda (o`ziga bo`lgan ishonch, qat`iyatlilik, yuksak maqsad v.h.)ni talab qiladi.

Yuqoridagi jarayonlar bolada etarli darajada rivojlanmagan bo`lsa, bu bola ruhiyati va sog`ligiga ta`sir qilib, salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga sabab bo`ladi.

BOG`ChAGA BORMAGANLAR QIYNALADIMI?

Farzandim 6 yosh, ammo bog`chaga bormagan. Tanishlarim bog`chaga bormagan bo`lsa, moslashishi qiyin kechadi, deyishyapti. Shu to`g`rimi? 6 yoshdan 1-sinfga qabul qilinadiganlar uchun bog`chaga qatnagani ham ahamiyat kasb etadimi?

U.Asrorova, Samarqand viloyati

— Bolalar bog`chasiga borgan bolalarda o`quv faoliyati, kirishimlilik, shaxslararo munosabatlar yaxshi shakllangan bo`lib, ularning o`yin faoliyatidan o`qish faoliyatiga o`tishlari oson kechadi. Uyda tarbiyalangan bola esa, faqat oila a`zolari, yaqin kishilari atrofida yashagani sababli, uning o`yin faoliyatidan o`quv faoliyatiga o`tishi, notanish muhit, noodatiy holat va tartib-qoidalarga o`rganishi qiyin kechadi, tengdoshlari bilan munosabatlarda ziddiyatlar kelib chiqishi mumkin. Bunday bolalarda dadillik etishmay o`ziga nisbatan ishonchsizlik, tortinchoqlik ustunlik qilishi sabab, begona muhitda moslashuvlari qiyin kechadi va tengdoshlari bilan tez chiqisha olmaydilar.

MUTAXASSISLAR FIKRIChA:

YuZAGA KELIShI MUMKIN BO`LGAN SALBIY OQIBATLAR:

  • bolaning asab tizimi tez charchaydi va toliqadi;
  • sog`liqning yomonlashuvi, kamqonlik, bo`y o`sishining orqada qolishi holatlari kuzatiladi;
  • bola, agressiv, jahldor bo`ladi,
  • aqliy ishchanlik darajasining pastligi kuzatiladi ;
  • o`qituvchi topshiriqlarini tez bajara olmaydi;
  • yozuv, o`qish, matematikani o`qitishda, guruhiy topshiriqlarni bajarishda jiddiy qiyinchiliklar kelib chiqib, idroki etarli darajada rivojlanmaydi;
  • kichik qo`l motorikani rivojlanishida, yozuvni o`rganishida qiyinchiliklar vujudga keladi;
  • tengdoshlari bilan muloqatchanlikda muammolar vujudga keladi, tengdoshlari bilan tez chiqishib keta olmaydi;
  • diqqatini jamlashda qiyinchiliklar mavjud bo`lib, beqaror diqqat ustunlik qiladi;
  • maktabga moslashuvida, o`qishni o`rganishida qiyinchiliklar yuzaga keladi;
  • tafakkur jarayonlari etarli darajada rivojlanmaganligi sababli, nutqning buzilish holatlari kuzatiladi;
  • bilim va malakalar ko`lamining etarli emasligi tufayli, o`qitishning boshlang`ich bosqichlarida bir necha qiyinchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo`ladi;
  • o`quv yili mobaynida faoliyat buzilishi (eshituv, motor koordinasiyasini buzilishi) ortib boradi;
  • o`qishning birinchi yili yakuniga kelib kuchayuvchi muammolarni keltirib chiqaradi.

XULOSA

Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib shuni aytish mumkinki, boladan bolaligini olib qolmasdan, uni 7 yoshdan maktabga berishni tavsiya etamiz. Bola maktabgacha yoshida “o`yinga to`ymasa”, unga “majburan” o`qish, yozish, sanoqni o`rgatish samarasizdir, chunki o`yin bola hayotida etakchi faoliyat turlaridan biri bo`lib hisoblanadi.

TAHRIRIYaT: taqdim etilgan ma`lumotlardan xulosa qilish mumkinki, agar farzandingiz endigina 6 yosh qadam qo`ygan-u, siz uni maktabga chiqarish niyatida bo`lsangiz, yaxshilab tahlil qiling. “Eplab ketadi” yoki “bir yil oldinroq chiqsa, vaqtdan yutadi” degan fikrlar bilan tibbiy jihatdan nosog`lom va psixologik jihatdan maktabga tayyor bo`lmagan 6 yoshli bolangizni majburan 1-sinfga chiqarishingiz uning organizmi rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatishi ham mumkin. Chunki farzandingiz 1-sinfga qabul qilindimi, barcha tartiblar asosida uning ta`lim olishini ta`minlashingiz kerak. Agar uning o`zida bunga ishtiyoq va tayyorgarlik bo`lmasa, u ham aqlan, ham jismonan zo`riqadi. Bu holat esa o`z navbatida uning ham ruhiyatiga, ham salomatligiga salbiy ta`sirini ko`rsatishi ehtimoldan yiroq emas. Lekin bu borada oxirgi qarorni baribir ota-onaning o`zi qabul qiladi.

Laylo RUSTAMOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar