AsosiyJamiyat

Xushxabar! Yana 10 nafar bemor tuzaldi

'Xushxabar! Yana 10 nafar bemor tuzaldi'ning rasmi

Yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat`iy choralar ko`rilmoqda. Shifokorlarimiz esa ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni samarali davolash yo`lida kecha-yu kunduz jonkuyarlik bilan mehnat qilishmoqda.

Jumladan, poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida ilk bor koronavirus infeksiyasiga chalingan 10 nafar bemor butkul sog`aydi. Sog`ayganlar Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas`ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog`aygan bemorlarning 3 nafari erkak, 7 nafari ayollardir. Ulardan 6 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Toshkent viloyatidan va 1 nafari Samarqand viloyatidan. Bemorlardan ikki nafari joriy yil 28 mart kuni charter reys orqali Turkiyadan Toshkentga kelgan. Qolgan sakkiz nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo`lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda bo`lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so`nggi tekshiruvlar ularning xastalikdan butkul forig` bo`lganini ko`rsatdi. Ushbu jarayonda mazkur klinika jamoasi birdamligi, mahorati va tajribasi hal qiluvchi rol o`ynadi.

Muhimi, koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlari boshiga tushgan ulkan sinov bo`lib turgan bir vaziyatda aholining qiyinchiliklarni birdamlik bilan engishga harakat qilishayotgani barobarida, tibbiyot xodimlarining matonati va fidoyiligi alohida e`tiborga molik. Ular koronavirus infeksiyasini samarali davlash mumkinligini takror va takror isbotlashmoqda.

Ayni paytda qadar mamlakatimiz bo`ylab koronavirus infeksiyasidan jami 99 nafar bemor to`liq sog`aydi.  

    Boshqa yangiliklar