1

Prezident: "Biz pandemiya bilan bog`liq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur"

Siyosat 14.04.2020, 20:29
Prezident: "Biz pandemiya bilan bog`liq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur"

Prezident Shavkat Mirziyoev 14 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida O`zbekiston qishloq xo`jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida to`xtalib o`tdi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Kundalik matbuotdan xabaringiz bor, butun dunyoda, jumladan respublikamizda ham kasallikka chalinganlar soni tobora ko`payib borayotgani barchamizdan, butun xalqimizdan hushyorlik va ogohlikni keskin kuchaytirishni, karantin bilan bog`liq joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga so`zsiz va qat`iy amal qilishni talab etmoqda.

Albatta, barcha amalga oshirayotgan sa`y-harakatlarimiz hamda shifokorlarimizning qahramonona mehnatlari evaziga bugungacha ushbu kasallikka chalingan 100 nafar yurtdoshimiz to`liq tuzaldi.

Karantinga olingan 222 ming nafar kishidan 141 ming nafari undan chiqarildi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Hukumat komissiyasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari quyidagi kechiktirib bo`lmaydigan choralarni ko`rishlari zarur.

Birinchidan, biz pandemiya bilan bog`liq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni va barcha resurslarimizni safarbar etishimiz zarur.

Ikkinchidan, mavjud vaziyatni har tomonlama chuqur tahlil qilib, bo`lajak xavf-xatarlarni, ular bilan bog`liq muammolarni oldindan prognoz qilishimiz va ularning echimiga aniq reja va puxta choralarimiz bilan tayyor turishimiz zarur.

Uchinchidan, bu kasallikni engish uchun barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o`zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz kerak.

Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Isroil, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyaning etakchi mutaxassislari bilan bemorlarni davolash bo`yicha telemedisina orqali olib borayotgan muloqotlarimizni boshqa ilg`or davlatlar bilan ham kengaytirishimiz, ularning tavsiyalarini o`zimizda faol joriy etishimiz shart.

Bugun Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi ekspertlari bilan o`tkazilgan videokonferensiya ham, albatta, bemorlarimizni davolashda o`zining ijobiy natijasini beradi, deb qat`iy ishonaman.

To`rtinchidan, Respublika komissiyasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga, joylardagi hokimlar, sektorlar rahbarlarining koronavirus tarqalishi oldini olish hamda uning iqtisodiyot va insonlar hayotiga salbiy ta`sirini imkon qadar cheklash uchun mas`uliyatini yanada oshirish choralarini kuchaytirishi kerak.

Ayniqsa, hokimlar va sektor rahbarlari aholining eng muhim hayotiy ehtiyojlarini to`liq ta`minlash, narx-navoning oshib ketmasligiga erishish va kam ta`minlangan oilalarni qo`llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligi uchun shaxsan javob beradi.

Ayni paytda, kam ta`minlangan, ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarga muruvvat va saxovat ko`rsatish, ularning holidan xabar olish, bu kabi ezgu tashabbuslarni ko`paytirish joylardagi barcha mutasaddi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biri bo`lmog`i lozim.

Hurmatli do`stlar!

Ta`kidlash kerakki, pandemiya va karantin bilan bog`liq mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, xalqimiz tushkunlik va sarosimaga tushgani yo`q.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan biron-bir tizim to`xtab qolmadi. Biz vaziyatdan kelib chiqib, xalqimizning sog`lig`ini o`ylab, ishimizni boshqa shaklda tashkil etyapmiz.

Aqliy mehnat, ta`lim-tarbiya bilan bog`liq faoliyat turlari masofadan turib, “onlayn” rejimda olib borilmoqda.

Shu bilan birga, rahbarlarga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, respublikamiz hududlarida qishloq xo`jaligida, sanoat va qurilish, iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida, tadbirkorlik sub`ektlarida ishlarni samarali davom ettirishimiz kerak.

Chunki kun kutib turmaydi, hayot davom etmoqda. Bugungi yo`qotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab bo`lmaydi.

Bizning oldimizda 34 millionlik aziz xalqimizni boqish barobarida qanchadan-qancha etishtirgan mahsulotlarimizni chetga eksport qilish vazifalari ham turibdi. 

Albatta, biz yaxshi tushunamiz, uyda o`tirish oson ish emas, lekin biz ayni paytda elimizning sog`lig`ini va hayotini saqlab qolish uchun eng maqbul vosita sifatida shu tavsiyaga amal qilishga majburmiz.

Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o`ylab va tahlil qilib, albatta, ko`rib chiqamiz.

Ko`pni ko`rgan, turli sinovlarda toblangan mard va matonatli xalqimiz bilan bu vaqtinchalik qiyinchiliklarni biz, albatta, engib o`tamiz.

Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub, hammamiz g`urur bilan kuylaydigan Davlat madhiyamizda “Ulug` xalq qudrati jo`sh urgan zamon”, degan chuqur ma`noli so`zlar bor.

Chindan ham, mana shunday murakkab va sinovli damlarda biz ulug` va mehnatkash xalqimizning qudrati, aql-zakovati va sabr-matonati, mehr-oqibati va samimiyati bilan ushbu og`ir sinovlarni ham, albatta, engib o`tamiz, – deb ta`kidladi Prezident Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, markaziy idoralar rahbarlaridan, boshqa mutasaddilardan ular biriktirilgan hududlarda har bir bemor ahvoli yuzasidan hisobot oldi, yaratilgan sharoitlar haqida batafsil so`rab surishtirdi.

Undan tashqari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot ilmiy markazlari rahbarlari o`zlari mas`ul bo`lgan hududlardagi har bir bemor holidan shaxsan xabar olishlari, davlatimiz tomonidan yana qanday sharoit va yordam kerakligi ustida tinimsiz qayg`urishlari zarurligi ta`kidlab o`tildi. Hech bir fuqaro qiyinchilik bilan yuzma yuz qolmasligi yana bir bor alohida qayd etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1