AsosiyJamiyat

Toshkentdagi virusologiya ilmiy-tekshirish institutidagi 8 nafar bemor ham virusni engdi

'Toshkentdagi virusologiya ilmiy-tekshirish institutidagi 8 nafar bemor ham virusni engdi'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, koronavirus pandemiyasi dunyo bo`ylab shiddat bilan tarqalayotgan bir paytda, yurtimizda ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat`iy choralar ko`rilmoqda. Jumladan, tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning sog`ayib ketishlari uchun jonkuyarlik bilan kurashmoqdalar.

Bugun fidoyi shifokorlarimiz sa`y-harakati tufayli poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 8 nafari butkul sog`aydi. Ular Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas`ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog`aygan bemorlarning 4 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ulardan 6 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Toshkent viloyatidan. Bemorlardan ikki nafari Turkiyadan, yana bir nafari esa Rossiyadan Toshkentga charter reysi bilan kelishgan. Qolgan besh nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo`lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 51 yoshda, eng kichigi esa 10 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so`nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo`qligini ko`rsatdi. Ularning shifo topishida mazkur klinika jamoasi birdamligi, mahorati va tajribasi hal qiluvchi rol o`ynaganini alohida ta`kidlash lozim. E`tiborli jihati, mazkur klinikada shu paytga qadar 56 nafar bemor sog`aygan bo`lsa, endilikda ular 64 nafarga etdi.

Har bir shifo topgan bemor quvonchidan, minnatdorligidan kuch olib, ruhlanib, bor tajriba va mahoratini ishga solishayotgan shifokorlarimiz qahramonligi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning navbatma-navbat sog`ayishini ta`minlamoqda.

Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo`ylab koronavirus infeksiyasidan jami 107 nafar bemor to`liq sog`aydi. Bu esa qolgan bemorlarning ham shifo topishiga ishonch uyg`otmoqda.

Eslatib o`tamiz, shu bilan koronavirusdan shifo topgan yurtdoshlarimiz soni 107 nafarga etdi.

Boshqa yangiliklar