1

“Shaytanat”ning yakuniy — 21-qismi nega efirga berilmadi? Yodgor Sa`diev izohladi

Madaniyat 16.04.2020, 00:32
“Shaytanat”ning yakuniy — 21-qismi nega efirga berilmadi? Yodgor Sa`diev izohladi

30 mart kuni “Zo`r TV” telekanalida namoyish etila boshlagan “Shaytanat” serialining yakuniy qismi 15 aprel kuni telekanalning “programma”sidan joy olgan bo`lsa-da, efirga berilmadi. Soat 20:00da boshqa serial qo`yildi. Bu esa turli mish-mishlarga sabab bo`ldi. 

Serial rejissyori va bosh rol ijrochisi, O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev “Kun.uz” nashriga bergan izohida gap-so`zlarga oydinlik kiritdi. 

“Biz film namoyishi boshlanishidan avval o`tkazilgan maxsus telepremerada “Shaytanat” 21-qism bilan tugaydi deb aytgandik, ammo har xil mish-mishlar paydo bo`ldi. Emishki, “Shaytanat”ning 22, 23 va 24-qismlari ham bor ekan. Bunday gap tarqatayotganlar bilib qo`yishsin, «Shaytanat» 21-qismda tugaydi.

Ekranlarga chiqmagan yangi 21-qism haqida gapiradigan bo`lsam, uni katta ekranda namoyish etishni maqsad qilganmiz. Hozir mamlakatda karantin, shu sabab namoyishni keyinroq o`tkazamiz. Axir bu yangi film, uning namoyishini boshqa filmlar qatori barcha aktyorlar ishtirokida maxsus premerada o`tkazamiz”, - dedi Yodgor Sa`diev.

Ma`lumot uchun:

“Shaytanat” seriali O`zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik qalamiga mansub shu nomdagi asar asosida 90-yillar oxirida Yodgor Sa`diev rahbarligidagi “Qalqon” studiyasi tomonidan ishlangan. Serial 20-seriyada to`xtab qolgan va deyarli 20 yil mobaynida televidenieda namoyish etilmagan.

Yodgor Sa`diev “Darakchi” gazetasiga bergan  intervyusida ushbu serial va Asadbek roli haqida shunday degan edi:

—1994 yilda “Shaytanat” asarining qo`lyozmasi qo`limga kelib tushgan bo`lsa, deyarli to`rt yil davomida uning ustida ishlab, 1998 yilda filmni suratga olishni boshlaganmiz. O`sha yili “So`nggi o`q” videofilmi suratga olinayotgan paytda G`ayrat Ubaydullaev menga: “Tohir Malikda yana bir “Shaytanat” degan asar ham bor. Shuni o`qib ko`ring”, deb aytdi. Men Tohir akadan asarni so`rab oldim. Ular berdilar. Asarning birinchi kitobini 2 sutkada o`qib chiqdim-da, Tohir akaga: “Shu asaringizni menga bering, film qilay”, dedim. Ular sokin ovozda (tabiatan shunday gapirardilar): “Ha, mayli, o`zi sizga atab yozganman, shekilli” deb qo`ydilar. 

Shundan keyin 1998 yili “Qalqon” studiyasi tashkil etilib, “Shaytanat” filmi suratga olina boshlandi. 

— Kitobdagi Asadbek bilan filmdagi Asadbekning orasida farq bor. Buni kitobni o`qigan, so`ng filmni ko`rgan tomoshabinlar yaqqol sezishadi. Bu kimning tashabbusi edi?

— Men o`zim shunday qilganman. Bu borada Tohir Malik bilan maslahatlashganman. Kitobda Asadbek salbiy qahramon, filmda esa uning ijobiy tomonlarini — mardlik, qat`iyatlilik, rostgo`ylik kabi yaxshi xislatlarini  ochib berishga harakat qilganmiz. Shu bois ham tomoshabinlar uni yaxshi ko`rib qolishgan. Asarda Muhiddin otaning Asadbek haqida aytgan bir gapi bor: “Asli buning palagi toza edi, nega bu yo`lga kirdi?” 

Chunki u Qatag`on yillarida bir o`zi qolib ketgandi, bu muhitga tushib qolishiga davr sababchi, muhit sababchi. Biz ko`proq o`sha davrga urg`u berib, sabablarini ko`rsatib berganmiz. 

Men o`z millatimni yomon qilib ko`rsatgim kelmagan. O`zimning millatimni ablah, yaramas, olchin qilib ko`rsatishni xohlamadim, xohlamayman ham. Millatimni yomonlab ko`rsatishni men o`zimga ep ko`rmayman, bu mening ichki dunyoimga to`g`ri kelmaydi.

“So`nggi o`q”da bosh qahramon Jahongir qamoqxonada o`tirganida bir rus olimi bilan bahslashib qoladi. Rus unga: “Sizlarda madaniyat yo`q” deb aytadi. Shunda Jahongirning jahli chiqadi va: “Madaniyat nima degani? Ovro`pacha kiyinib olishmi yoki libosni o`zgartirishmi? Yo`q, madaniyat, ma`rifat bu – inson qalbining pokligi. Siz mening millatim haqida bilmasdan bunday gapirmang. Men bu xalqni har qanday kamchiligi bilan yaxshi ko`raman, chunki bu - meni xalqim”, - deydi. 

Mana shu so`zlar mening yuragimga jo bo`lib qolgandi, shuning uchun ham Asadbekning pastkashlik qilgan sahnalarini olmaganman. Misol uchun, Hosil boyvachchaning otilish sahnasini o`zgartirganmiz. Men asar muallifiga: “Asadbek Hosil boyvachchani uning qarorgohiga borib otsin, o`z uyida, ota hovlisida birovning qonini to`kishini xohlamayman”, deganman. Asarga ko`ra, Asadbek qo`liga qo`lqop kiyib, Hosil boyvachchani otadi-da, qurolni Elchinga beryapti. Qurolda kimning qo`l izi qolyapti? Elchinni. Demak, Asadbek ablah kim? Asadbek. Filmda esa Elchinni aralashtirmasdan o`zi borib otyapti... 

Mana shu ishimiz xalqimiz tomonidan yaxshi qabul qilindi. Tohir akaning o`ziga ham ma`qul kelib, menga: “Sizning Asadbekingiz boshqacha bo`lyapti...”, degandi. Men: “Siznikiga o`xshamaydi-a” desam, ular: “Yo`q o`xshamaydi” deb javob qilgandi.

“Shaytanat” haqida yana bir gapni aytishim kerak. Ko`pchilik uni “mafiya haqidagi film” deydi. Lekin unday emas. Unda mafiya yo`q. Bu so`zning ma`nosini tushunib olishimiz kerak. Davlatni boshqaruvchi odamlar bilan birgalikda qilingan jinoiy ishlarga mafiya deyiladi. Italiyada paydo bo`lgan. Asarda esa bir uyushgan jinoiy guruh haqida gap ketadi. 

— Ma`lumki, “Shaytanat” serialida bosh qahramon rolini ijro etish bilan birga, serialning 7-qismidan 20-qismigacha rejissyorlik qilgansiz. Nega aynan 7-qismdan?

— Vaziyat shuni taqozo qilgan. O`shanda dastlabki qismlarini suratga olgan rejissyor Jahongir Qosimov boshqa ishga band qilingan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1