AsosiyShou-biznes

Rayhon va Lola tomoshabinlar tanqidiga uchradi

                   “Eshitdinglarmi, Rayhon bilan Lolaning yangi klipi chiqipti!”

Boshida e`tibor qilmadim. Ochig`i kliplardan to`kilib ketganman. Klipga allergiyam bor. Lekin bu gal ko`rdim. Chunki, har ikkala xonandani maktabdagi o`quvchidan tortib, sexdagi to`quvchigacha hamma biladi. Hatto hozirgi yoshlar bu ikkala xonandani o`z ammasiyu xolasidan ko`ra yaxshiroq tanishadi. Ikki mashhu-ur xonandamiz birga qo`shiq kuylab, klib oladiyu, men ko`rma qolamanmi?

Ko`rdim. Eshitdim. O`ylanib qoldim. Qo`shiq matni, badiiy saviyasi haqida gapirmay qo`ya qolay. Chunki, she`riyat, badiiy ijod talablariga javob bermaydigan qo`shiqlarga KO`NIKIB ham qoldik. Lekin qo`shiqda aytilganidek, mutlaqo ko`nikib bo`lmaydigan holatlar ham bor-da!

Avvalo savol: “ “Negadir senga talpinar yurak”, “mehringni his etay”, “bir bora tushlarimga endi kel” (balki “kir” demoqchidir. Yana bilmadim), “o`zgani sevishga ko`nikmadim”, “yuraging mendan kechar”...  Bu kabi “ishqqa limmo-lim” xitoblar kimga atalgan o`zi? Balki har ikki xonanda “bevafo yorlar”dan shikoyat qilib, shu taxlit bir-biri bilan hasratlashayotgandir? Unday bo`lsa, klipda nega o`sha “bevafolar”ning qorasi ham ko`rinmaydi? Buning ustiga nega xitoblar ikkinchi shaxsga qaratilgan?

Yo`q, klipda xonandalarning bir-biriga nisbatan “g`alatiroq”  hatti-harakatiga qaraganda, bu xitoblar ikki ayolning o`zaro “hasrati”ga o`xshamaydi. Buyog`iga esa... hatto xayolimga urilgan taxminlardan o`zim ham qo`rqib ketaman. Yo`g`e, unaqamasdir, axir biz o`zbekmiz-ku? Zamon har qancha taraqqiy etsayam, o`zimizning o`zligimiz, mentalitetimizni unutmasak kerak? Balki, bu erda biz tushunib etmagan “o`ziga xos bir falsafa” bordir? Lekin, klipni 28 marta ko`rsam ham o`sha qurib ketgur “falsafa”ning tagiga etolmayapman-da?

Qolaversa, xonandalarning antiqa, ilma-teshik  liboslarda  namoyon bo`lishi, mastona suzilishlari, hatti-harakatlari... Har qalay men bunga KO`NIKMADIM, KO`NIKOLMADIM.

Xalqimizdan tildan tilga o`tib kelayotgan bir rivoyat bor. Qadimda (voqeada o`zimizda yuz berganiga shubham yo`q) bir ayolni o`limga hukm qilishadi. Dor ostida undan so`nggi tilagini so`rashadi. Ayol esa, igna va bir qatim ip so`raydi. “Meni dor tagiga keltirayotgani kiyimim yo`lda bir tikanga ilinib yirtildi. Meni dorga osishayotganda, badanim ochilib, nomahramning ko`zi tushmasin...!”

Nima demoqchi ekanimni tushundingiz. Boshqa gapim yo`q.

                                               Tomoshabin

                            Izohga hojat bormi?

Yuqorida aytilganidek, ehtimol qo`shiqning asl mazmun va mohiyatini to`la tushunmagandirmiz, balki. Bu haqda qo`shiq mualliflarining fikrini bilmoqchi edik. Ammo Rayhon bilan ham, Lola bilan ham  bilan bog`lanishning iloji bo`lmadi. Jurnalist Jasur Hamroevning  ijtimoiy tarmoqdagi  sahifasida joylashtirilgan kichki savol-javobda ham Rayhon bu xususda batafsil to`xtalmagan.

 “-Rayhon, ko`zingiz tushgan bo`lsa, ijtimoiy tarmoqlarda “Ko`nikmadim” klipiga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirilmoqda. Siz bunga qanday qaraysiz?

-Har kimning o`z fikri bor. Bunday tanqidlar g`ashimga tegmaydi. Axir, har qalamning o`z rangi bo`lgani kabi har kimning o`z didi bor!...”

                            Kimdir u deydi, kimdir bu?

Albatta ushbu qo`shiq va klip internetga qo`yilishi bilan muxlis va nomuxlislar o`rtasida kattagina bahs-munozalarni keltirib chiqardi. Kimdir u deydi, kimdir bu. Biroq, qo`shiqni o`ta yuqori baholasa, yana kimdir ijrochilarning harakatlariyu, kiyinishini tanqid ostiga olgan. Ayrim izohlarni o`qib yuzingiz qizarishi ham hech gap emas. Imloviy va uslubi hatolarga ko`z yumgan holda (bu endi alohida mavzu) ijtimoiy tarmoqlardan olingan ayrim sharh va izohlar fotonusxasini e`tiboringizga havola etyapmiz. Axloqiy me`yorlarga to`g`ri kelmaydigan ayrim so`z va iboralar ustidan chiziq tortishga majbur bo`ldik.

         Qo`shiq matni

«KO`NIKOLMADIM»

Orzular, qayg`ular negadir birga yonma-yon turar

Bilmaysan gohi qayda baxt, qayda g`am.

Yuragim kechiraverar bu qilar  alam

Negadir senga talpinar yurak

 

Sen esa qaydan ham bilarding

Nima o`zi dard yoki xiyonat

Vujudim tilkalagan betinim xasrat.

 

Egallagan sevgi qafasi, unda men yolg`izman hamon,

Chegarasini ko`rmay ezilar yurak yomon

Mehringni his etay va uzoqlarga ketay

Bir bora tushlarimga endi kel-kel

Yuragim, hislarim nega sendan voz kecholmas

 

Nega seni unutmas

So`zlarim, ko`zlarim sendan o`zgani ko`rishga,

o`zgani sevishga ko`nikmadi

Nega ko`zlaring meni aldar

So`zlaringda esa o`zga xayollar

 

Balki endi yuraging mendan kechar

Negadir so`nggi payt shuni o`ylayman faqat

Bo`ysunmas, senga talpinar yurak

Sen esa qaydan ham bilarding

Nima o`zi dard yoki xiyonat

Vujudim tilkalagan betinim xasrat

 

Meni bundan halos et

Ikkimizga ham qolmas muammo

Balki men bunga ko`nikolmadim ammo

Mehringni his etay va uzoqlarga ketay

Bir bora tushlarimga endi kel-kel.

Yuragim, hislarim nega sendan voz kecholmas

Nega seni unutmas

So`zlarim, ko`zlarim sendan o`zgani ko`rishga,

o`zgani sevishga ko`nikmadi.

Darvoqe: Bu qo`shiq matni kimga tegishli ekanini bilolmadik. Har qalay, bu misralarni “she`riyat durdonasi” deya olmaymiz. Qofiya, turoq, vazn... Kim bilsin, balki hozirgi zamonaviy qo`shiqlar uchun bunday “dahmazalar” ortiqchalik qilar? Xullas, matnni o`qish, tahlil qilish va tegishli xulosa chiqarishni o`zingizga qoldiramiz.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar