Ko`p bor ta`kidlaganimizdek, yurtimiz bo`ylab koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni samarali davolash borasida minglab tibbiyot xodimlari matonat bilan mehnat qilishmoqda. Ularning sa`y-harakati bilan bemorlarning butunlay sog`ayishiga erishilmoqda.
Jumladan, Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida bugun koronavirus infeksiyasiga chalingan yana 7 nafar bemor butunlay sog`aydi.
Tuzalganlarning barchasi Namangan shahridan bo`lib, bir nafari Turkiyadan Namanganga kelgan. Qolganlar esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo`lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlarning 3 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ular orasida eng yoshi kattasi 62 yoshda bo`lsa, eng yoshi kichigi 25 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so`nggi tekshiruvlar ularning xastalikni to`liq engib o`tganligini ko`rsatdi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 15 nafar bemor sog`aygan bo`lsa, endilikda ular 22 nafarga etdi.
Darddan forig` bo`layotgan insonlar quvonchi koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotganlarga kuch-g`ayrat bag`ishlamoqda. Bu kabi xushxabarlar esa dunyoni tahlikaga solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto, g`olib bo`lish imkoni borligini ko`rsatmoqda. Bunda hal qiluvchi zarbani berish, shubhasiz, tibbiyot xodimlarining zimmasida. Qahramon shifokorlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan bajarishayotganiga guvoh bo`lib turibmiz.
Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo`ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog`aygan bemorlar soni 153 nafarni tashkil etmoqda.