Shavkat Mirziyoev ishtirokida Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovasion farmasevtika klasteri qurilishi boshlandi

Siyosat 17.04.2020, 21:04
Shavkat Mirziyoev ishtirokida Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovasion farmasevtika klasteri qurilishi boshlandi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning videokonferensaloqa orqali ishtirokida 17 aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Tashkent Pharma Park” innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasteri qurilishi boshlandi.

Telemuloqot chog`ida davlatimiz rahbari bu erda innovasion va yuqori sifat ko`rsatkichlariga ega bo`lgan dori-darmonlar, tibbiy mahsulot va texnik vositalar ishlab chiqarish, aholining bu boradagi talab va ehtiyojlarini ta`minlash, zamonaviy kadrlar tayyorlash, shuningdek, mamlakatimizda farmasevtika sohasini yanada rivojlantirish, samarali infratuzilma yaratishga qaratilgan loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bo`yicha boshlangan ishlar va rejalar bilan tanishdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil yanvar oyida qabul qilingan qarori bilan klasterni tashkil etish bo`yicha konsepsiya va amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan edi.

Ushbu maqsadda Zangiota tumanida jami 79 gektarlik er maydoni ajratildi. Jami 14 ta investision loyiha amalga oshirish orqali mintaqada yagona zamonaviy farmasevtika klasteri hamda 1700 dan ortiq yangi ish o`rni yaratish ko`zda tutilgan.

Klaster texnopark va sanoat zonasidan iborat bo`ladi.

Texnopark hududida akademik, ilmiy hamda dori-darmonlar ishlab chiqararadigan sektorlar joylashadi. Xususan, bu erda Farmasevtika texnik universitetini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu o`quv dargohida dori vositalari, tibbiyot mahsulotlari va texnikalar, kosmetologiya va boshqa ashyolar ishlab chiqarish sohasida xalqaro ta`lim standartlari darajasidagi yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.

Sanoat zonasida etakchi farmasevtika kompaniyalarining innovasion dori vositalari ishlab chiqarish maydonlari barpo etiladi.

Kelgusida bu erda chet el klinikalari, tibbiyot markazlarini ochish, klasterning infratuzilmalarini yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Koreya Respublikasi Eksimbankining Iqtisodiy taraqqiyot hamkorlik fondi bilan uzoq muddatli kredit yordamida klasterning ilmiy va ta`lim tuzilmalarini moliyalashtirish haqida kelishuvga erishildi.

“Tashkent Pharma Park” innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasteri Homiylik kengashi hamda rivojlantirish direksiyasi tuzildi. Uning faoliyatini Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi amalga oshiradi.

Tashkil etilayotgan klaster sohada o`ziga xos birinchi “ilmiy shaharcha” bo`lib, u butun tarmoq uchun mustahkam poydevor yaratadi. Unda xalqaro tajribani keng qo`llash, xorijdan investisiyalar va ilg`or ilmiy ishlanmalarni jalb qilish, innovasion echimlar va yuksak texnologiyalarni joriy etish yo`li bilan yurtimizda farmasevtika rivojini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi.      

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1