Toshkentda 15 may kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi ochiladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar beradi.
Kuni kecha Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo`lib, unda ishchi guruh rahbarining bo`lg`usi yalpi majlisni o`tkazishga tayyorgarlik to`g`risidagi axboroti tinglandi.
Senat qo`mitalarining raislari so`z olib, qo`mitalarning o`tkazilgan majlislari haqida hamda ikkinchi yalpi majlisga ko`rib chiqish uchun kiritilgan qonunlarga doir xulosalarning, boshqa masalalarga oid qaror loyihalarining tayyorligi to`g`risida ma`lumot berdilar, yalpi majlis ishini tashkil etish yuzasidan o`zaro fikr almashdilar.
Kengash majlisida ta`kidlanganidek, Senatning bo`lajak yalpi majlisida 17 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun ko`rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Senatning bu galgi yalpi majlisining o`ziga xos jihatlaridan biri shundaki, u mamlakat Prezidenti tomonidan Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida hamda parlament palatalarining qo`shma majlisida bildirilgan fikrlar asosida tashkil etilib, Senatning 2015 yil va kelgusi yillarga mo`ljallangan Harakat dasturi ijrosini ta`minlashga doir keng ko`lamli vazifalar amalga oshirila boshlanganligini anglatadi.
Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritilayotgan, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilish va erkinlashtirishga, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan O`zbekiston Respublikasi qonunlarining dolzarbligi va muhimligini senatorlar alohida ta`kidlab o`tdilar.
«Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish to`g`risida»gi, «Qimmatli qog`ozlar bozori to`g`risida»gi (yangi tahrirda), «Elektron tijorat to`g`risida»gi (yangi tahrirda), «O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o`z kuchini yo`qotgan deb topish to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan bo`lib, ularda investisiyalar va ishchanlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, hokimiyat vakillik organlarining nazorat funksiyalarini kuchaytirish, sud-huquq sohasini takomillashtirish, fuqarolar sog`lig`i asralishini, axborot xavfsizligini ta`minlash nazarda tutilmoqda.
Yalpi majlisda O`zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikasiya qilishga doir qonunlar ham ko`rib chiqiladi.
Bundan tashqari, Senat a`zolari yalpi majlisda konstitusiyaviy vakolatlariga muvofiq mamlakat qator muassasa va idoralarining 2014 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotlarni eshitadilar.
Kengash majlisida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.
Muhakama etilgan barcha masalalar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.





