18 may kuni Turkiyaning Istanbul shahrida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rayhon G`anievaning konsert dasturi bo`lib o`tganidan xabaringiz bor.
Xonandaning mazkur konsert dasturida kiygan libosi bugun internet olami muhokama maydonining asosiy mavzusiga aylanib qoldi. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Gulbahor Erqulova www.facebook.com ijtimoiy tarmog`i orqali Rayhonning kiygan libosiga qat`iy e`tiroz bildirdi.

Yaqindagina Rayhonning Lola bilan kuylagan duetiga ishlangan videoklipi juda katta tanqidlarga sabab bo`lib, hatto TV efirlaridan olib tashlangan edi. Kuni kecha O`zbekiston xotin-qizlar ko`mitasi tomonidan tashkil etilgan katta yig`ilishda ham, “O`zbeknavo” estrada birlamasi tomonidan o`tkazilgan anjumanda ham Rayhon va Lolaning madaniyati, jamoatchilik qarshisidagi odobii tahlil etilgan edi.
Turkiyada O`zbekiston nomidan konsert berayotgan xonanda nahot o`z yurti, vatandoshlari sha`nini o`ylamagan bo`lsa? Aksariyat san`atkorlarimiz g`arbga taqlid qilaman deb, azaliy qadriyatlarimiz, milliy urf odatlarimiz, sharq xalqlariga xos andishayu yuksak odob-axloq qoidalarini unutishayotgani atrofdagilarga nisbatan bepisandlikdan boshqa narsa emas.
San`atkorlar bu yo`l bilan yoshlarga qanday namuna bo`lishyapti? Zotan mamlakatimiz rahbari o`zining “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asarida san`atkor ma`naviyati, uning sahna madaniyati masalasiga alohida e`tibor qaratib, “...bugungi kunda musiqa san`ati navqiron avlodimizning yuksak ma`naviyat ruhida kamol topishida boshqa san`at turlariga qaraganda ko`proq va kuchliroq ta`sir ko`rsatmoqda” deb yozadi. Xonandalar konsert dasturlariyu kliplaridagi bunday chiqishlari orqali yoshlar ma`naviyatining yuksalishiga qanchalik xizmat qilishyapti ekan?
San`atkor odobi masalasida jiddiyroq bosh qotirish vaqti kelganga o`xshaydi.
Qamariddin Shayxov







