Milliy matbuot markazida O`zbekiston respublikasi Markaziy banki tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Milliy to`lov tizimini takomillashtirilishi va plastik kartochkalari qo`llaninilishini kengaytirilishiga bag`ishlangan anjumanda O`zbekiston Markaziy banki, mamlakatimiz tijorat banklari, Yagona Umumrespublika Prosessing Markazi mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida Markaziy bank mutaxassislari tomonidan O`zbekistonda elektron hamyondan to`lovlarni uzluksiz qabul qilish uchun tijorat banklari tomonidan 163 mingdan oshiq chakana savdo va xizmat ko`rsatish korxonalari to`lov terminallari bilan ta`minlangani ta`kidlab o`tildi. To`lov terminallarini chekka hududlardagi chakana savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlariga ham o`rnatish, eskilarini yangisi bilan almashtirish choralari ko`rib borilmoqda. Aholi gavjum joylarda 2 mingga yaqin ko`pfunksiyali infokiosk va bankomatlar o`rnatildi.
Plastik kartochka egalari undan universal to`lov vositasi sifatida foydalanib, kundalik ehtiyoji uchun zarur bo`lgan oziq-ovqat va maishiy mahsulotlar, pullik, shuningdek, kommunal xizmatlar uchun to`lovlarni har qanday masofadan turib, istalgan vaqda amalga oshirishlar mumkin. Bunday qulaylik savdo va servis sohalaridan tushumlardagi ulushni 50 foizga etkazish, oxirgi besh yil mobaynida esa butun to`lovlar hajmini 3 marta oshishiga sharoit yaratdi. Ta`kidlash o`rinliki, hozirgi paytda har oyda o`rtacha 1,8 trln so`mdan ortiq tovarlar va xizmatlar, shuningdek, 187 mlrd so`m miqdoridagi kommunal to`lovlar elektron tizimlar orqali amalga oshirilmoqda.
Qayd etish lozimki, bugungi kunda ish haqi va ijtimoiy to`lovlarning bir oyda o`rtacha 50 foizdan ortig`i plastiklarga tushirib berilmoqda va zarur hollarda, mijozlarning talabiga ko`ra, bank kassalaridan naqd pulda berib borilmoqda.
Plastik kartochka infratuzilmasining kengayib borishidan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ham manfaat topmoqda. Bugungi kunda 73 mingdan oshiq tadbirkorlik tuzilmasi o`zlarining ichki xo`jalik ehtiyojlari uchun tovar va xizmatlarni sotib olish hamda xizmat safari xarajatlari bo`yicha tezkor hisob-kitoblarni amalga oshirmoqdalar. Korporativ kartalar xo`jalik sub`ektlariga dam olish kunlari yoki bank ish kunidan tashqari paytda ham terminallar orqali to`lovlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Naqd pul muomalasini takomillashtirishda iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar tajribasi hisob-kitoblarni plastik kartochkalar asosida amalga oshirish afzalligini ko`rsatdi. Hisob-kitoblarni naqdsiz shaklda amalga oshirishga o`tish banklarni banknotalar chop etish, tashish, sanash, qog`ozbozlik kabi serxarajat ishlardan xalos etish, naqd pul muomalasi barqarorligini saqlash barobarida iqtisodiyotni zarur investision resurslar bilan ta`minlaydi, tegishli idoralarning jismoniy va yuridik shaxslar ustidan nazorat qilishini cheklaydi.
Kezi kelganda aytish o`rinliki, Shimoliy Amerika va Evropa, Avstraliya va qator Osiyo mamlakatlarida plastik kartochkalar infratuzilmasini kengaytirish hisobiga muomaladagi naqd pullarni kamaytirish siyosati yuritilmoqda. Savdo va xizmat ko`rsatish sohasidagi to`lovlarning elektron hamyonlar yordamida amalga oshirilishi natijasida ish haqlarining naqd pulda berilishi tobora qisqarib bormoqda. Masalan, ish haqlari hozirgi paytda Angliya va Fransiyada 10, Germaniyada atigi 5 foizi naqd pulda to`lanmoqda.
Shuningdek, tijorat banklari tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda byudjet tashkilotlari ishchi-xizmatchilarining ish haqi qaydnomalarini UzASBO dasturidan foydalangan holda xizmat ko`rsatuvchi bankda ochilgan Uzcard EMV plastik kartalariga elektron shaklda yuborish imkonini beruvchi yangi tizim yaratilmoqda.
Bu sira loyihalar ijrosi pirovardida mamlakatimizda pul aylanmasini yanada jadallashtirib, to`lov tizimini mustahkamlab boradi.





