1

Shavkat Mirziyoev barcha tuman va shaharlarda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini nomma-nom aniqlab, ro`yxat shakllantirishni buyurdi

Siyosat 23.04.2020, 06:51
Shavkat Mirziyoev barcha tuman va shaharlarda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini nomma-nom aniqlab, ro`yxat shakllantirishni buyurdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida kecha, 22 aprel kuni aholi bandligini ta`minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Koronavirus pandemiyasi sababli dunyodagi millionlab korxona va tashkilotlar o`z faoliyatini to`xtatgani 2 milliard 700 million ishchiga ta`sir ko`rsatdi. Jahonda kambag`al aholi soni qariyb 2 baravarga yoki 500 million kishiga ko`payish xavfi yuzaga kelmoqda.

Mamlakatimizda karantin tufayli 196 mingta korxonada ishlab chiqarish va xizmatlar ko`rsatish hajmi keskin kamaygan. Karantin tufayli, tabiiyki, ishsizlar soni ham oshgan.

Buni aprel oyidagi 20 kunlik soliq tushumlarida ham kuzatish mumkin. Jumladan, qator viloyatlarda 30-40 foiz, ayrim tuman va shaharlarda esa 50 foizdan ziyod tushum ta`minlanmagan.

Bunday og`ir sharoitda davlatimiz tomonidan qator chora-tadbirlar ko`rilmoqda. Jumladan, bir oy ilgari qabul qilgan 2 ta qarorga asosan, hozirga kelib nafaqa va moddiy yordam oladigan bolali oilalar soni 595 mingdan 655 mingga, ya`ni 60 mingtaga ko`paytirildi. Shuningdek, aholining kreditlar bo`yicha 3 trillion 260 milliard so`mlik to`lovlari muddati uzaytirildi.

Karantin davrida Bandlikka ko`maklashish jamg`armasi va Jamoat ishlari jamg`armasi hisobidan 141 ming 800 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta`minlanib, ularga 43 milliard 225 million so`m ish haqi to`lab berildi. Shu bilan birga, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan 219 ming oilaga oziq-ovqat va sanitariya-gigiena mahsulotlari tarqatildi.

Biroq, shu bilangina cheklanib qolib bo`lmaydi. Kun sayin o`zgarayotgan vaziyat aholi bandligini ta`minlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash bo`yicha qo`shimcha choralar ko`rishni talab etmoqda.

Yig`ilishda karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qo`llab-quvvatlash masalasi Samarqand va Namangan viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi.

Tadbirkor va fermerlar kambag`al oilalarga tomorqada ekin ekishga yordam berishi, takroriy ekin uchun o`z eridan joy ajratishi, kasanachilikni yo`lga qo`yishda ko`maklashishi lozimligi ta`kidlandi. Davlat esa bunday sub`ektlarga soliqni bo`lib-bo`lib to`lash, muddatini kechiktirishga ruxsat beradi yoki kredit ajratadi.

Misol uchun, Samarqand viloyatida “Agromir” korxonasi rahbari bir mingta oilani qaramog`iga olib, 600 gektarda yangi tokzorlar barpo etish ishlarini boshlagan. 500 dan ziyod kambag`al oilani kooperativga doimiy ishga olib, yangi tokzorlar orasini ularga bo`lib bergan va qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishni yo`lga qo`ygan. Qirq kunda hosil olsa bo`ladigan bodring urug`ini tarqatib, ekish harakatlarini boshlagan. Qurilish ishlariga yana 100 ta odamni ishga olgan.

Yana bir misol: Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” korxonasi rahbari mingta oilaga oziq-ovqat tarqatgan, 10 ga yaqin ehtiyojmand oilaga uy qurib berish, 100 nafarini ishga olish tashabbusi bilan chiqqan. Shuningdek, Namangan viloyatidagi “Art soft” klasteri ta`sischilari Namangan shahri, Pop, Mingbuloq va Yangiqo`rg`on tumanlarida 3 ming nafar oilaga yordam berish tashabbusi bilan chiqdilar.

Bu boradagi tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qo`mitasi mas`ulligida vazirlik va hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi operativ shtab tuziladi.

Barcha tuman va shaharlarda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini nomma-nom aniqlab, shakllantirilgan ro`yxatlar asosida “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakati doirasidagi ishlarni manzilli yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.

Karantindan oldin ham ishsiz bo`lgan va kunlik daromad asosida yashab kelgan odamlarni faol mehnat orqali ish bilan ta`minlash zarurligi ta`kidlandi.

Xususan, qishloq xo`jaligi kooperativlari va xonadonlarda issiqxonalar tashkil etish hisobiga 14 mingta yangi ish o`rni yaratish mumkinligi ko`rsatib o`tildi. 110 ming kishini mavsumiy, 167 ming fuqaroni jamoat ishlari bilan qamrab olish vazifasi qo`yildi.

Ma`lumki, davlatimiz rahbari tomonidan o`tkazilgan so`nggi bir necha yig`ilishda qishloq xo`jaligi, qurilish, kimyo sanoati va mashinasozlik bo`yicha muhim chora-tadbirlar belgilab berildi. Bu ishlar joylarda to`g`ri tashkil qilinsa, minglab odamlar bandligi ta`minlanadi.

Masalan, quduq qazib 26 ming gektar maydonda tashkil etiladigan bog`, tokzor va issiqxonalarda 52 ming, ipakchilik tarmog`ida 785 ming, qurilish va infratuzilma sohasida 75 ming yangi ish o`rni yaratish mumkin.

Prezidentimiz belgilangan vazifalarni sifatli bajarib, odamlarni ham band, ham rozi qilish kerakligini ta`kidladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1