AsosiyJamiyat

Yaponiyada o‘qish, ishlash va yashash haqida ma’lumot beruvchi portal ishga tushdi

Migratsiya agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan Japan Career portali ishga tushirildi.

'Yaponiyada o‘qish, ishlash va yashash haqida ma’lumot beruvchi portal ishga tushdi'ning rasmi

O‘zbekiston va Yaponiya mehnat migratsiyasi bo‘yicha Japan Career Portal'ni ishlab chiqdi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi. 

21 yanvar kuni agentlik direktori Behzod Musayev va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Akihiko Tanaka ishtirokida onlayn platformani ishga tushirish marosimi o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, platforma JICA'ning Markaziy Osiyodagi mana shu yo‘nalishdagi birinchi loyihasi bo‘lib, Yaponiyaning sanoat sektorida ishga joylashtirish orqali inson kapitali rivojini ta’minlashga xizmat qiladi.

"Umid qilamanki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda ishga tushirilgan ushbu portal Yaponiyada o‘qish, ishlash va malaka oshirish istagidagi o‘zbekistonlik yoshlarga, mutaxassislarga samarali ko‘makchi bo‘lib xizmat qiladi", — dedi JICA prezideti Akihiko Tanaka.

Shuningdek, u mamlakatda qishloq xo‘jaligi va keksalarni parvarishlash yo‘nalishida ishchi kuchiga ehtiyoj katta ekanligini ta’kidladi. Hozir mamlakatda 6 ming nafardan ortiq o‘zbekistonliklar vaqtinchalik mehnat qilmoqda.

Agentlikning qayd etishicha, Japancareer.uz  o‘zbekistonliklarga Yaponiyada mehnat migratsiyasi, ta’lim va yashash imkoniyatlari haqida ishonchli ma’lumotlarni taqdim etuvchi universal platforma sanaladi. U o‘zbek, rus va yapon tillarida yuritiladi.

Bundan tashqari, yaponiyalik ish beruvchilarga o‘zbekistonlik mutaxassislarning salohiyati va kasbiy sifatlari haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etib boriladi.

Uchrashuvda Yaponiyaning "Maxsus malakaga ega ishchi" dasturi doirasida O‘zbekiston uchun sohalar tarmog‘ini kengaytirish, yapon tili va malaka kurslari sonini ko‘paytirish, mamlakatning yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyalarini hamkorlikka jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.

Hozirda Android uchun portalning mobil ilovasini havola orqali yuklab olish imkoni mavjud. Bundan tashqari, Telegram'dagi chatbot yordamida murojaatlar qabul qilinadi.

    Boshqa yangiliklar