Ma`lumki, yurtimizdagi xorijiy universitetlarning filiallarida o`qish uchun abiturientlar kirish imtihonlarini ingliz tilida topshirishadi. Imtihonlardan o`tish uchun esa albatta ingliz tilida puxta bilimga ega bo`lishlari lozim. Buning ko`rsatkichi - IELTS tizimi bo`yicha kamida 5.0 ball to`plaganligi to`g`risida guvohnomadir.
IELTS tizimi bo`yicha guvohnoma olishga ulgurmaganlar qaerga murojaat qilishlari mumkin?
Bunday abiturientlar uchun Inha universiteti rahbariyati tomonidan ajoyib imkoniyat yaratildi, deya xabar beradi Toshkent shahridagi Inha universiteti Matbuot xizmati.
Endilikda bunday abiturientlar onlayn tarzda www.inha.uz saytida ro`yxatdan o`tib, ingliz tilidan imtihon topshirish imkoniyatiga ega bo`lishadi. Mazkur jarayon bilan sayt orqali batafsil tanishsa bo`ladi. Hujjatlarni sayt orqali onlayn ro`yxatdan o`tkazish 2015 yilning 26 iyuniga qadar davom etadi. Vaqt bor, ammo har qanday xayrli ishni so`nggi kunga qadar cho`zib yurmagan ma`qul!
Eslatib o`tamiz, Universitetga kirish imtihonlarida eng yuqori natija ko`rsatgan 10 nafar talabalar universitet muassislari tomonidan ajratilgan grantlar asosida bepul o`qish huquqini qo`lga kiritishadi. Shuningdek, o`quv semestri yakunlari bo`yicha eng yuqori natija ko`rsatgan yana 10 nafar talabalar keyingi semestrda bepul o`qish huquqini qo`lga kiritishadi.2015/2016 o`quv yilida 120 nafar kompyuter injiniringi, hamda 130 nafar dasturiy injiniring yo`nalishlarida, jami 250 nafar iqtidorli o`g`il-qizlarni o`qishga qabul qilish rejalashtirilgan.
Toshkent shahridagi Inha universiteti Axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasida xalqaro me`yorlar darajasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashni yanada takomillashtirish, shuningdek, etakchi xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2014 yil 24 mart kuni “Toshkent shahrida Inha universitetini tashkil etish to`g`risida”gi Qarorga asosan tashkil etilgan.
Toshkent shahridagi Inha universiteti 2014 yili 2 oktyabrda ochilgan.
Inha universiteti (Janubiy Koreya) 1954 yilda tashkil etilgan, hozirda unda 20 ming nafardan ziyod talabalar turli ixtisosliklar, jumladan AKT yo`nalishi bo`yicha tahsil oladi. «Joong Ang Ilbo» nashriyoti reytingiga ko`ra, universitet muhandislik va axborot texnologiyalari yo`nalishi bo`yicha eng yaxshi oliy o`quv yurtlari beshligiga kiradi.





