Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi 2020 yilda global YaIMning qulashi haqidagi prognozini avvalgi taxmin 1,9 foizdan 3,9 foizgacha yomonlashganini ma`lum qildi. Bu haqda Milliy matbuot markazining rasmiy telegram kanali yozmoqda.
Fitch Ratings bosh iqtisodchisining aytishicha, prognoz qilinayotgan qulash 2009 yildagi resessiyadan ikki baravar jiddiyroq bo`ladi va Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng kuchli inqirozga aylanadi. Agentlik iqtisodiyotning bu qadar keskin qulashiga dunyo bo`ylab COVID-19 koronavirusining tarqalishi sabab bo`lganini qayd etgan.
Agentlikning hisob-kitobiga ko`ra prognoz qilinayotgan qulash dunyo iqtisodiyotidagi daromadlarning 2019 yilda prognoz qilinganidan 2,8 trillion AQSh dollari, shuningdek, pandemiya boshlanganidan keyingi prognozdan 4,5 trillion dollarga qisqarishini anglatadi.
Fitch agentligining yangilangan prognozi bo`yicha Rossiyada YaIM 2020 yilda 3,3 foizga, AQShda 5,6 foizga, Buyuk Britaniyada 6,3 foizga, Evropa Ittifoqida 7 foizga qisqaradi. COVID-19’dan iqtisodiyoti jiddiy zarar ko`radiga Evropa davlati — Italiya (8 foiz) bo`ladi.
"Ekstremal hajmda ish o`rinlarining qisqarib borishi va o`rta hamda kichik biznes korxonalarining kuchli bosim ostida qolgani inqirozdan keyin me`yoriy holatga qaytishni yanada sekinlashtiradi. Bizning prognozlarga ko`ra, AQSh va Evropa Ittifoqida YaIM ko`rsatkichi virus tarqalishidan avvalgi davrdagi (2019 yilning uchinchi choragi) darajadan ham pastroq bo`ladi va 2021 yil davomida ham ushbu raqamlar o`zgarmasligi mumkin", — deyilgan xabarda.