AsosiyJamiyat

“Yilning eng yaxshi ingliz tili o`qituvchisi” ko`rik-tanlovining yakuniy bosqichi o`tmoqda

Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi ingliz tili o`qituvchisi” ko`rik-tanlovi va o`quvchilar o`rtasida “Ingliz tili bilimdonlari” intellektual musobaqasining yakuniy respublika bosqichi bo`lib o`tmoqda, deya xabar beradi Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati.

Ilk marotaba tashkil etilayotgan mazkur ko`rik-tanlov va intellektual musobaqalaridan ko`zlangan asosiy maqsad ilg`or, tashabbuskor ingliz tili fani o`qituvchilarini aniqlash va ularni qo`shimcha rag`batlantirish shuningdek, umumta`lim maktab o`quvchilari o`rtasida chet tillari fanini o`rganishga bo`lgan qiziqishni kuchaytirish va rag`batlantirishdan iboratdir.

“Yilning eng yaxshi ingliz tili o`qituvchisi” ko`rik-tanlovi 3 bosqichda o`tkazilmoqda. Tanlovning dastlabki bosqichida 2 mingga yaqin ingliz tili o`qituvchilari 250 tagacha so`zdan iborat essesi bilan ishtirok etdilar. Ular orasidan 75 % va undan yuqori natija ko`rsatgan talabgorlar hududiy xalq ta`limi boshqaruv idoralariga jo`natildi. 

Tanlovning ikkinchi bosqichida 232 nafar o`qituvchining dars ishlanmasi va videodarsi baholanib, har bir hududdan eng yuqori ball to`plagan 5 nafardan ishtirokchi tanlovning uchinchi bosqichida ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdi.

Davom etayotgan uchinchi bosqichda barcha ishtirokchilar Britaniya kengashining O`zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan o`tkaziladigan ARTIS test savollarida ishtirok etadi. Ushbu test savollari orqali umumevropa kompetentsiyalari CEFR talablari doirasida chet tili o`qituvchilarining o`qish (R-reading), tinglab tushunish (L-listening), gapirish (S-speaking), grammatik va leksik (GV – grammar and vocabular) bilimlari baholanmoqda.

Yakunda 1 nafardan 1-,2-,3- o`rinni egallagan g`oliblar aniqlanadi. 1-o`ringa “Xalq ta`limi a`lochisi” ko`krak nishoni hamda kubok beriladi. Respublika bosqichida eng yuqori natija ko`rsatgan 40 ga yaqin chet tili o`qituvchilari Buyuk Britaniyaning nufuzli markazlarida malaka oshirish uchun yo`llanmaga ega bo`ladi.

“Ingliz tili bilimdonlari” intellektual musobaqasi ikki bosqichda: hududiy va respublika bosqichlarida o`tkazilib, uning hududiy bosqichda har bitta tuman (shahar)dan bittadan jamoa ishtirok etdi. Jamoa a`zolari 5-9-sinflarning har biridan bir nafardan o`quvchi qatnashdi.

Musobaqalar 3 ta shartdan iborat bo`lib, bunda o`quvchilarning o`qish, yozish, tinglab tushunish va gapirish kompetentsiyalari hamda ular tomonidan ingliz tilidan tayyorlangan sahna ko`rinishi baholandi.
 

    Boshqa yangiliklar