“Turkiston” saroyida 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag`ishlab o`tkazilgan tadbirda bu jihatlar yanada bir karra o`zining yaqqol ifodasini topdi. “Sen yolg'iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg`armasi tomonidan tashkil etilgan tadbirga yurtimizning turli hududlaridagi Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlarning tarbiyalanuvchilari taklif etildi, deya xabar beradi O`zA.
“Sen yolg'iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg`armasi Vasiylik kengashi raisi L.Karimova-Tillaeva mamlakatimizda yosh avlodni har jihatdan sog`lom va barkamol insonlar etib voyaga etkazish, ularga puxta bilim berish, kasb-hunarga o`rgatishga qaratilayotgan yuksak e`tibor tufayli o`g`il-qizlar hech kimdan kam bo`lmay kamol topayotganini ta`kidladi.
Mamlakatimizda yosh avlod manfaatlarini himoyalashga doir ibratli ishlar bolalarning puxta bilim olishi, ularning iste`dodi va ijodiy salohiyatini to`g`ri shakllantirish, o`z vaqtida yuzaga chiqarish, har jihatdan qo`llab-quvvatlashda yaqqol namoyon bo`lmoqda. Bu borada turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining ijtimoiy hamkorlik asosida faoliyat ko`rsatayotgani o`g`il-qizlarni huquqiy himoyalash, ularning jamiyatda o`z o`rnini topishiga yaqindan ko`maklashish imkonini bermoqda.
«Sen yolg'iz emassan» Respublika jamoatchilik bolalar jamg`armasi tegishli tashkilotlar bilan birgalikda murakkab taqdirli bolalarga huquqiy, ijtimoiy, tibbiy, ma`naviy-psixologik ko`mak ko`rsatish yuzasidan tizimli faoliyat olib bormoqda. O`tgan yillar mobaynida Mehribonlik uylarini kapital rekonstruksiya qilish, ta`mirlash, ularning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilash yo`lida keng ko`lamli ishlar amalga oshirildi. O`quvchilarning ta`limdan tashqari bo`sh vaqtini unumli o`tkazish maqsadida tashkil etilgan fan, sport, badiiy ijodiyot to`garaklari o`g`il-qizlarning bilimlarini boyitib, o`qishga bo`lgan qiziqishi va ishtiyoqini yanada orttirmoqda. Turli sog`lomlashtirish aksiyalari, ijtimoiy loyihalar o`g`il-qizlar salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O`quv yili davomida a`lo natijalarga erishgan, turli sport musobaqalari, ijodiy tanlovlarda sovrindor bo`lgan bolalar diplom va sovg`alar bilan taqdirlandi.
Bolalik, beg`uborlik bayramiga aylangan ushbu tadbirda Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan konsert namoyish etildi.





