Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komiljon Allamjonovning «Bizning prognozlarimiz bo`yicha, koronavirus pandemiyasi oqibatida kelib chiqadigan ehtimoliy iqtisodiy inqirozning matbuot sohasiga ham ta`siri katta bo`ladi. Fikrimcha, matbuot ham og`ir jarayonlar va davrga kirib kelmoqda. Xususan, bosma nashrlarga keladigan bo`lsak, ularning kelajagini ko`rmayapman. Aslida, bu inqirozlar boshlanmaganida ham, gazetalar – allaqachon o`tmish mahsuloti...” degan so`zlariga "Ishonch"-" Doverie" gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov va "XXI asr" gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalillar e`tiroz bildirishgan edi.
Komiljon Allamjonov bu e`tirozlarga javob berdi:
-Hurmatli, yuzlab jurnalistlarga oylik maosh to`lab, ularning turmush tarziga mas`ul bo`lgan bosma nashrlarimizning bosh muharrirlari! Meni rosa koyibsiz, dilingiz og`riganini bildiribsiz. Lekin bitta savolga javob bering.
Qani aytingchi, bugun iqtisodiy ahvolingiz qanday? Jurnalistlarga o`z vaqtida oyliklarni to`lashga qiynalmayapsizmi? Qo`l ostingizdagi halol va vatanparvar xodimlaringiz kelajagi haqida qayg`uryapsizlarmi? Mana bir misol, ayni sharoitda gazetalarning qog`oz variantini qanday qilib o`qish mumkin? Uni tarqatish ham mumkin emas, mushtariylar ko`chaga chiqishi ham mumkin emas. Hamma karantinda. Faqat biz emas, barcha tashkilotlar karantinda dersiz. Unday bo`lsa o`quvchilar yangilik va ma`lumotlarni qaerdan olishi kerak? Pandemiya vaqtida xalqni xavfdan kim ogoh etadi, kim aholi orasida targ`ibot olib boradi? Albatta veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar yoki teleradiokanallar. Ular tinimsiz ishlab turibdi. Reklamadan ozmi ko`pmi daromad qilishyapti, xodimlari ro`zg`orini tebratmoqda.
Aynan shu karantin davrida o`quvchilaringiz allaqachon boshqa resurslarda. Ertaga Sizlarga obuna bo`lgan minglab mushtariylar karantin davomida qog`oz variantdagi gazetalarni olmaganliklarini, shu sababli ular bilan qayta hisob-kitob qilishingizni talab qilishsa, unda yanada og`irroq iqtisodiy ahvolga tushib qolmaysizmi?
Gap bosma matbuotning yopilishi yoki gazetalarning tugatilishi haqida ketmayapti. Gap ularning axborotni aholiga qanday formatda etkazishi haqida bormoqda.
Sizga da`vatim, imkon qadar tezroq zamonga moslashing, bosma nashringizni raqamlashtirish choralarini izlang. Xodimlaringiz taqdiriga befarq bo`lmang. Aks holda moliyaviy ahvolingiz yanada qiyinlashishi mumkin. Achchiq haqiqat shuki, bugungi kunda butun dunyoda aynan bosma nashrlarning taraqqiyot strategiyasi o`zgardi. Hattoki gazeta chop etadigan uskunalar ishlab chiqarilishi ham kamaytirilyapti. Manaman degan katta bosma nashrlar qog`oz versiyasini butunlay to`xtatib, onlayn formatga o`tmoqda.
Masalan, 2 kun oldin Buyuk Britaniyaning The Weekly News nashri may oyidan boshlab qog`oz variantda chiqishni butunlay to`xtatishga qaror qilganini ma`lum qildi. Eng konservator va qadriyatlarini o`ta qattiq hurmat qiluvchi inglizlar ham 165 yildan buyon chop etiladigan ushbu otaxon bosma nashrning qog`oz variantidan voz kechib, yangi zamon talablariga moslashishni va onlayn formatga o`tishni bugungi kunning eng to`g`ri qarori, degan fikrga kelgan. Yoki katta obro` va hurmatga ega bo`lgan Newsweek, U.S. News & World Report va La Tribune nashrlari ham allaqachon butunlay qog`oz formatdan voz kechib, onlaynga o`tishgan. Bunaqa misollar juda ko`p.
Xullas, maqsadim kimlarningdir dilini og`ritish emas, barchamizga ko`rinib turgan xavfdan Sizlarni ogohlantirish hamda biznes modelingizni qayta ko`rib chiqish va zamonga moslashishni tavsiya qilishdir.