AsosiyJamiyat

Sifatsiz kosmetika musodara qilindi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi kosmetik vositalar, parfyumeriya mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishiga chek qo`yildi.

Jumladan, “Keles” temir yo`l bojxona posti xodimlari “Moskva-Toshkent” yo`nalishidagi yuk poezdi orqali fuqaro A.Yulchiev (maqoladagi barcha ism-shariflar o`zgartirilgan) tomonidan umumiy qiymati 41,5 mln. so`mlik turli tovar-moddiy boyliklarni, shu jumladan 1223 dona parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarini yashirin ravishda olib kirilishining oldini olishdi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi va “Toshkent-Aero” IBK Axborot xizmatlari xabar beradi.

Olingan tezkor ma`lumotlar asosida Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari va huquqni muxofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda fuqarolar M.Asadov va A.Turdievlar boshqaruvidagi “Damas” va “Kobalt” avtomashinalari to`xtatilib, o`rnatilgan tartibda va xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilganda, avtomashinalarda horijda ishlab chiqarilgan 8 turdagi salkam 2,5 ming dona kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari noqonuniy ravishda olib ketilayotganiligi fosh etildi. Yuk egalari qiymati 35 mln. so`mlik ushbu tovarlarning sifati va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim qila olishmadi.

Shuningdek, «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona komlpeksi xodimlari tomonidan “Seul-Toshkent” reysi bo`yicha parvozini yakunlagan namanganlik Sh.Samandarovning qing`ir qilmishlariga nuqta qo`yildi. Qarangki, bu shaxs yuklari orasiga 159 dona kosmetika vositalarini yashirgan holda respublikamiz hududiga olib kirishni ko`zlagan ekan.

Bundan tashqari, Moskvadan uchib kelgan qashqadaryolik A.Komilov 130 dona, surxondaryolik N.Lutfullaeva esa 66 dona kosmetika va parfyumeriya vositalarini bojxona bayonnomasida va og`zaki so`rovlar paytida ma`lum qilmasdan turib, olib kirishga uringan paytda to`xtatib qolindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar