AsosiyShou-biznes

Jazirama yozni, qaynoq permeralar bilan qarshi oling!

Yoz oylari garchi kinopremeralar, yangi filmlar taqdimoti uchun biroz noqulay fursat bo`lsa ham kinoteatrlarimizda yangidan-yangi filmlar namoyishi ketilmoqda. Galdagi sahifamiz orqali kinoteatrlarda namoyish etilayotgan eng yangi va taqdimoti kutilayotgan filmlar haqida ma`lumot olasiz.

“Bolalik sinovlari”

Bolalarga atalgan mazkur hajviy kinofilm “O`zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan “O`zbekfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan. O`zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzaevning «Chillak o`yini», «Bandi burgut», «Oqtosh» va «Omon ovchining o`limi» hikoyalari asosida suratga olingan filmda  o`smir yoshlar hayoti, ularning orzu-umidlari, ko`ngil kechinmalari haqida hikoya qilinadi. Kartinada tabiat va inson mavzusiga ham keng o`rin berilgan. Film Alisher Navoiy kinosaroyi va Kinochilar uyi kinoteatrida namoyish etilyapti.

“Uring, jonim, uring”

O`zimizning rejissyorlar absurd komediya janriga qo`l urishdi. “Uring, jonim, uring” filmini taqdim etish arafasida turgan rejissyor Abduqodir Usmonov asli “Bayon” guruhining vakili. Tim Maysinning “Sehrli choynak” hikoyasi motivi asosida suratga olingan mazkur kartinada bosh rollarni Muhammadiso Abdulxairov, Tolibjon Mo`minov, Nargiza Abdullaeva, Sevara Solieva, Ma`mur Sultonov ijro etishgan. Shuni alohida ta`kidlab o`tish joizki mazkur Tim Maysonning mazkur hikoyasi asosida avval Golivud va Bollivudda ham film suratga olingan.  Bundan tashqari filmda mamlakatimizda istiqomat qiladigan hind millatiga mansub kishilarni ham uchratishingiz mumkin. “Uring jonim, uring” filmi premerasi 12 iyun kuni bo`lib o`tishi kutilyapti.

“Yolg`on dunyo”

May oying eng so`nggi kunlarida ekran yuzini ko`rgan “Yolg`on dunyo” filmi bugun kinoteatrlarda eng tomoshabinbop filmlar ro`yxatida turibdi. Unda bosh rollarni xonandalar Otabek Mutalxo`jaev va Kaniza ijro etishgan. Filmni debyutant rejissyor Ravshan Usmonov suratga olgan. Muhabbat va uni ortidan keladigan xiyonat, hoyu havaslarga aldanib, armonlarga duch kelish kabi holatlar filmning asosiy mazmunini tashkil etadi. Kartina poytaxtimiz kinoteatrlarida namoyish etilyapti.

“Ko`z yoshim”

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Saida Rametova, aktrisa Asal Shodieva va aktyor Shavkat Komilovlar ishtirokidagi “Ko`z yoshim” filmi bu yil yoz oyining eng uzoq kutilgan filmlaridan biri deya e`tirof etilyapti. Mazkur filmda aktrisa Asal Shodievani butkul boshqa qiyofada ko`rish imkoniyatiga ega bo`lasiz. Tez orada film premerasi bo`lib o`tishi kutilmoqda.

 

                

    Boshqa yangiliklar