AsosiyJamiyat

Uchtepada “Kamolot” uylari topshirildi

Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi Tinchlikobod mahallasida “Kamolot” uylari qurib foydalanishga topshirildi.

Har biri 32 xonadondan iborat ikkita to`rt qavatli zamonaviy uyda endilikda mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan, fan, ta`lim, madaniyat va sport sohalarida yuksak natijalarga erishgan yoshlar istiqomat qiladi, deya xabar beradi O`zA. 

Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori navqiron avlodni har tomonlama qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish, ularning jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etishi va hech kimdan kam bo`lmagan insonlar bo`lib o`rin egallashida dasturilamal bo`lmoqda. 
Ushbu qaror asosida tasdiqlangan dasturga muvofiq mamlakatimizning har bir hududida ikkitadan “Kamolot” uylarini qurish, ularni faol yosh oilalarga imtiyozli kredit asosida berish, bu turar joylar negizida kelgusida «Kamolot» shaharchalari barpo etish ko`zda tutilgan. 
Mazkur hujjat ijrosini ta`minlash maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrda “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta`minlashni yanada qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. 
Unda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Kamolot” uylarini qurish hamda foydalanilmayotgan va qurilishi tugallanmagan ob`ektlarni ko`p kvartirali uylar sifatida rekonstruksiya qilish, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo`lgan foizli stavkada ipoteka krediti asosida yosh oilalarga mulk qilib berish tartibi belgilangan.

E`tiborlisi, tijorat banklari tomonidan yosh oilalarga kvartira sotib olish, yakka tartibda uy qurish yoki uni rekonstruksiya qilish uchun berilayotgan ipoteka kreditlaridan farqli ravishda «Kamolot» uylaridagi kvartiralar 20 yilga kreditga beriladi, uning dastlabki 5 yili imtiyozli davr hisoblanadi, boshlang`ich badal talab qilinmaydi.

    Boshqa yangiliklar