“O`zbekneftegaz” matbuot xizmatining axboroti
Keyingi vaqtlarda ayrim internet nashrlarida Toshkent shahrining jamoat transport vositalari uchun, go`yoki, dizel yonilg`isi etishmayapti hamda uning ta`minoti 30 foizga qisqartirilgan emish, degan ma`lumotlar paydo bo`ldi. Ushbu nashrlar mualliflari «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasining saytida tarqatilgan rasmiy axborotga asoslanmoqdalar.
Ularning bayonlariga javoban ma`lum qilamizki, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 5 fevraldagi 57-sonli "Mahsulotlar, xom ashyo va materiallarning yuqori likvidli turlarini sotishning bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish to`g`risida«gi Qaroriga muvofiq «O`zneftmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi to`lovni 100 foiz oldindan amalga oshirish sharti bilan, shartnomaviy majburiyatlar asosida yonilg`i etkazib beryapti.
Xususan, hozirgi vaqtda «O`zneftmahsulot» AK «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasi korxonalariga amaldagi shartnoma doirasida ayni vaqtga qadar to`lab qo`yilgan mablag` miqdoriga qat`iy muvofiq bo`lgan hajmda yonilg`i etkazib bermoqda.
Shuningdek, «O`zneftmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasida «Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa iste`molchilar transport vositalarini uzluksiz va cheklanmagan miqdorda ta`minlash uchun barcha kerakli neft mahsulotlari, shu jumladan dizel yonilg`isi ham etarli hajmda mavjudligi to`g`risida xabar beramiz.
Darvoqe, joriy yilning 31 may kuni “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi internetdagi rasmiy sahifasida yonilg`i mahsulotlarini etkazib berish 30% qisqargani sabab jamoat transporti harakati oralig`i uzayishi haqida ma`lumot qoldirgan. Ushbu xabar hali ham saytda mavjud.





