AsosiyJamiyat

Unitel tomonidan O`zbekiston Respublikasi qonun hujjatlar talablarining buzilishiga yo`l qo`yilmoqda

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida nazorat bo`yicha davlat inspeksiyasiga mobil aloqa xizmatlaridan foydalanuvchi abonentlardan kelib tushgan murojaatlar tahlili va monitoring natijalariga ko`ra “Unitel” MChJ (Kompaniya) tomonidan so`ngi paytda mobil aloqa xizmatlari sifati va radiochastota spektridan foydalanishda normativ hujjatlar talablari buzilayotganligi aniqlandi, bu haqda Inspeksiya rasmiy saytida ma`lumot berilgan.

Xususan, “EMMM” DUK bilan hamkorlikda 2014 yil dekabr oyida o`tkazilgan radiomonitoring natijasida “Unitel” MChJ mobil aloqa tarmog`ida 90 ta tayanch stanwiyalardan o`rnatilgan tartibni buzgan holda foydalangan. Mazkur qoidabuzarlik holati bo`yicha Inspeksiya tomonidan “Unitel” MChJga o`rnatilgan tartibda foydalanishga qabul qilinmagan radioelektron vositalardan mobil aloqa tarmog`ida foydalanishni to`xtatish bo`yicha ko`rsatma berilgan, shunga ko`ra “Unitel” MChJ yuqorida keltirilgan ko`rsatma ijrosi ta`minlanganligi va noqonuniy ravishda fodalanilayotgan radioelektron vositalarni ekspluatasiya qilishni to`xtatganligi haqida ma`lumot taqdim etgan. 
Ammo, ko`rsatma ijrosi ta`minlanganligini aniqlash bo`yicha takroriy o`tkazilgan radiomonitoringda Kompaniya Inspeksiya tomonidan berilgan ko`rsatma talablarini inobatga olmasdan Qashqadaryo viloyatida 2 ta tayanch stansiyalaridan noqonuniy foydalangan, bu bilan nazorat qiluvchi organning ko`rsatmasini o`z vaqtida bajarmasdan qonun hujjatlari va lisenziya kelishuvini qo`pol ravishda buzgan. Shuningdek, Kompaniya telekommunikasiya sohasidagi nazorat qiluvchi davlat organiga ishonchsiz ma`lumotni taqdim etib, chalg`itgan.
Inspeksiya tomonidan 2015 yil 12 fevralda Toshkent shahar, Olmazor tumani hududida Kompaniyaning 3G (UMTS-2100) tarmog`ida sodir bo`lgan avariya holati o`rganilganda, mobil aloqa xizmatlari ko`rsatilishining o`rnatilgan tartibi buzilganligi aniqlandi, xususan 3G tarmog`idagi avariya hodisasi joriy yilning 12 fevral kuni soat 11:39dan 12:27gacha chiqish qo`ng`iroqlari xizmatining to`xtab qolishiga sabab bo`lgan.
Shu bilan birga, abonentlardan tushgan murojaatlarga ko`ra, boshqa qonunbuzilish holati aniqlanagan, ya`ni 2015 yilning 10 fevralida Kompaniya tarmog`ida sodir bo`lgan mobil internet paketlarni taqdim etish xizmatida sodir bo`lgan texnik to`xtalish, ya`ni internet paketlar taqdim etilganligini tasdiqlovchi SMS xabarlarning kechikish bilan kelganligi oqibatida mijozlar hisobidan asoslanmagan holda pul mablag`larini echib olinishiga olib kelgan.
Kompaniya xodimlarining noqonuniy harakatlari to`g`risidagi fuqarodan tushgan murojaatni o`rganish natijasida Kompaniya tomonidan o`z xodimlarining faoliyati ustidan nazorat ishlarini etarli darajada tashkil etmaganligini ko`rsatdi. Xususan, Kompaniyaning mijozlarga xizmat ko`rsatish xodimlari tomonidan xizmat lavozimidan foydalangan holda jismoniy shaxs nomidagi telefon raqami o`chirilgan va noqonuniy ravishda boshqa jismoniy shaxsga rasmiylashtirilgan. Natijada ushbu xodimlar o`z xizmat vazifasidan ozod etilgan.
Shuningdek, joriy yilning 11 maydagi murojaatni o`rganish natijalariga ko`ra ko`rsatilgan xizmatlar detalizasiyada chiqish ko`ng`iroqlar bir necha kun kechikish bilan qayd etilishi aniqlagan, lekin mijozlarga detalizasiya shaklidagi ma`lumotlarni kechikish bilan taqdim etish shartlari hech qaerda ko`rsatib o`tilmagan va mazkur holat bilan to`qnash kelgan mijozlar bexabar qolmoqda, natijada bu kabi murojaatlar paydo bo`lishiga sabab bo`lmoqda.
Mijozlarga tariflarning o`zgarishi, ko`rsatiladigan xizmatlar tartibi va hisob-kitob qilish tartibi to`g`risidagi to`liq ma`lumot berilmasligi yoki mijozlarni xabardor qilish usullari etarli darajada tashkil etilmaganligi oqibatida, mijozlar tomonidan shikoyatlar sonining ko`payishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, Kompaniya tomonidan bugungi kunga qadar Samarqand viloyati hududida 3 ta radiorele liniya qurilmasidan noqonuniy foydalanib kelinmoqda.
Qayd qilish lozimki, operator tarmog`ining nazorati etarli darajada olib borilmayotganligi sababli Kompaniya tarmog`ining ba`zi hududlarida uzoq vaqt davomida aloqaning mavjud bo`lmaslik holatlari kuzatilgan.
Joriy yilning yanvar va may oylari oralig`ida Inpeksiyaga kelib tushgan murojaatlar tahlili, shikoyatlar soni o`tgan yilga nisbatan taqqoslaganda 29,7 %ga oshganligi, bundan 74 %ni mobil aloqa xizmati sifati bo`yicha, jumladan tarmoq qamrov hududi, muvaffaqiyatsiz bog`lanishlar ulushi, yuklangan sektorlar ulushi, ma`lumotlar almashinish tezligi, aloqani tiklash vaqti yuzasidan bo`lgan shikoyatlarni tashkil etadi. Bundan ko`rinib turibdiki, Kompaniya tomonidan mijozlarga xizmat ko`rsatish va kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz.
Shunga e`tiborni qaratish lozimki, Kompaniyada qonunchilik va me`yoriy-huquqiy hujjatlar talablarining muntazam ravishda buzilayotganligi, Inspeksiya tomonidan yanada qat`iy choralar ko`rish uchun asos bo`lmoqda. Ko`p marotaba, qo`pol va muntazam ravishdagi qoidabuzilishlarga yo`l qo`yilayotganligi hamda nazorat qiluvchi organ tomonidan quyilgan talablarni bajarmaganligini inobatga olib, Inspeksiya kompaniyaga yuqorida ko`rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish va mobil aloqa xizmatini ko`rsatish faoliyatini O`zbekiston Respublikasi qonun va me`yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshirish bo`yicha tegishli ko`rsatma berdi. Shu bilan birga, ko`rsatmadagi talablar bajarilmagan taqdirda O`zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tegishli choralar ko`rilishi yuzasidan ogohlantirdi.

    Boshqa yangiliklar