Toshkentda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasiya birjasi tashkil etiladi.
10-12 iyun kunlari Toshkent shahridagi “O`zekspomarkaz” majmuasida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Geologiya, yoqilg`i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari bo`yicha majmuasi hamda Axborot tizimlari va telekommunikasiya masalalari bo`yicha majmuasining Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasiya birjasi tashkil etiladi.
Yarmarkada elektrotexnika, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish materiallari, kimyo tarmoqlari, axborot texnologiyalari va telekommunikasiyalari sohasi korxonalari va boshqa muassasalar ishtirok etadilar. Korxonalar stendlarida poytaxtimiz sanoati salohiyati, xususan, mahalliylashtirish dasturi doirasida o`zlashtirilgan mahsulotlar, ilg`or innovatsion texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan tovarlar hamda xalq iste`mol mollari namoyish qilinadi.
Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasion birjani o`tkazishdan asosiy maqsad xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga ishlab chiqarishni optimallashtirish, ichki tarmoq va tarmoqlararo kooperasiyani mustahkamlash hamda rivojlantirish, yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida ma`lumotlar berish, hamkorlar topish, mahsulotlarni etkazib berish, jumladan, eksport qilish bo`yicha shartnomalar tuzishga ko`maklashishdan iboratdir.
3 kun mobaynida davom etadigan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperasiya birjasida axborot texnologiyalari va kommunikasiyalari sohasi korxonalari ishtirokchilarga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar to`g`risidagi axborotlar taqdim etish, yangi shartnomalar imzolash, hamkorlikdagi istiqbolli loyihalarni kelishib olish imkoniyatiga ega bo`ladilar.





