O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida aholi va hududlarni toshqinlar, sel oqimlari va er ko`chki hodisalari bilan bog`liq ehtimoliy favqulodda holatlardan himoya qilish masalalariga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma`lumotlariga ko`ra, joriy yilda toshqinlar, sel oqimlari va er ko`chki hodisalari bilan bog`liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo`yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, barcha ko`chki va sel xavfi mavjud hududlar tadqiq qilinib, ularning xaritalari tuzildi. Shuningdek, yaxshi himoyalanmagan ijtimoiy infratuzilmalar aniqlandi va ularda zarur qurilish ishlari o`tkazildi.
Shu maqsadda ehtimoliy sel oqimlari yo`llariga to`siqlar o`rnatilib, damba, ko`prik va yo`llar ta`mirlandi va mustahkamlandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi va mahalliy hokimiyat organlarining hamkorlikdagi sa`y-harakatlari bilan barcha sel xavfi mavjud bo`lgan daryolar tozalanib, qirg`oqlarga sel oqimlari hosil bo`lishining oldini oladigan yangi to`siqlar o`rnatildi.
Bundan tashqari, gidrometeorologik va geologik xavfli hodisalar yuzaga kelishi mumkin bo`lgan hududlarda yashaydigan aholi o`rtasda tushuntirish ishlarini olib borishga alohida e`tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun Zilzilani simulyasiya qilish markaziga ekskursiya uyushtirildi.





