AsosiyJamiyat

Yurtimiz ko`mir konlaridan yiliga 4,5 million tonna qattiq yoqilg`i qazib olinadi

“O`zekspomarkaz”da geologiya, yoqilg`i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati kompleksining tarmoq sanoat yarmarkasi doirasida “O`zbekko`mir” aksiyadorlik jamiyatining faoliyatiga bag`ishlangan taqdimot o`tkazildi.

Bugun mamlakatimizda aniqlangan ko`mir zaxiralari 1,8 milliard  tonnadan ziyodni tashkil etadi. 

Buguni kunda “O`zbekko`mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Angrendagi ko`mir koni va Surxondaryo viloyatidagi Sharg`un va Boysun  ko`mir konlarida ko`mir qazib olish ishlari olib borilmoqda. Ushbu konlardan yiliga 4,5 million tonna qattiq yoqilg`i qazib olinib, mahsulotning 85 foizi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga etkazib berilmoqda. Shuningdek, sanoat korxonalari, ijtimoiy va kommunal soha, aholining ko`mirga bo`lgan ehtiyoji qondirilmoqda, deya xabar beradi O`zA.

«O`zbekko`mir» aksiyadorlik jamiyatidan ma`lum qilishlaricha, 2012-2018  yillarga mo`ljallangan ko`mir qazib olish va sotish hajmini oshirishda ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo`yicha dastur muhim ahamiyat kasb etadi. Dasturga muvofiq 2018 yilgacha ko`mir qazib olish hajmini 2,5 marta oshirish ko`zda tutilgan.

«O`zbekko`mir» aksiyadorlik jamiyatining investisiyaviy faoliyati davlatimiz rahbarining 2014 yil 17 noyabrdagi 2015 yilga mo`ljallangan investisiyaviy dastur to`g`risidagi qarori va O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 6 iyundagi «2013-2018 yillar davrida ko`mir sanoati korxonalarini modernizasiyalash, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda uni muvozanatli rivojlantirish dasturini tasdiqlash to`g`risida»gi qarori bilan belgilangan bo`lib, ushbu hujjatlarga muvofiq oltita investisiyaviy loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ushbu loyihalar ishlab chiqarish hajmining ortishiga, tarmoqdagi ma`nan va jismonan eskirgan texnika vositalarini yangilari bilan almashtirish, jamiyat ishlab chiqarish quvvatini oshirish hamda ma`lumotlarni uzatish bo`yicha korporativ tarmoq va markazlashtirilgan dispetcherlik nazoratiga ega avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish imkonini beradi. Jumladan, 2015-2018 yillarga mo`ljallangan «Sharg`unko`mir» konini modernizasiya qilish loyihasining hayotga tatbiq etilishi natijasida ishlab chiqarish quvvati yiliga 900 ming tonnagacha etkaziladi.

Aholi o`rtasida ko`mirga bo`lgan ehtiyojni to`liq va uzluksiz qondirish maqsadida hududiy distribyuterlik markazlari faoliyati yo`lga qo`yildi. Bugungi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan shunday markazlarda foydalanishda qulay va ixcham ko`mir briketlari ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etilayotgani aholi ehtiyojlarini qondirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.

Yangi ishlab chiqarish ob`ektlarini ishga tushirish, boshqaruv tizimini rivojlantirish, ko`mir qazib olish va texnologik transportni takomillashtirish, yoqilg`i-energetika resurslaridan oqilona foydalanishda import o`rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish muhim o`rin tutmoqda.

Hozirgi kunda ko`mir qazib oluvchi korxonalarning talabidan kelib chiqib, mahalliylashtirish dasturiga muvofiq tog` transporti, tog`-kon uskunalari uchun ehtiyot qismlar va metall konstruksiyalari ishlab chiqarish bo`yicha izlanishlar olib borilmoqda. So`nggi yillarda bu borada birmuncha ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, 2012 yilda 175 turdagi ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish mahalliylashtirilgan bo`lsa, joriy yilda bu ko`rsatkich 208 tani tashkil etib, mahalliylashtirilgan mahsulotlarni tayyorlash va sotish hajmi qariyb 1,5 milliard so`mga etdi.

Soha korxonalari o`rtasida sanoat kooperasiyasi munosabatlari ham tobora rivojlanmoqda. Agar 2007 yilda 8 korxona bilan 1 milliard 128 million so`mlik shu turdagi shartnoma imzolangan bo`lsa, 2015 yilda mahalliy korxonalar bilan 27,4 milliard so`mlik kooperasiya bitimlari tuzildi. Bu tarmoqda import hajmining qisqarib borishiga xizmat qilmoqda.

Ko`mir qazib olish jarayonida qazilmalarni ochib olish usulining rivojlanishi yo`l-yo`lakay uchraydigan boshqa foydali qazilmalar, jumladan, chinnigil, ohaktosh, shag`alli toshqotishma singari qurilish xomashyolarining ulkan zaxiralari mavjudligini ko`rsatmoqda. Ushbu xomashyoni qurilish sanoati korxonalari bilan hamkorlikda o`zlashtirish «O`zbekko`mir» aksiyadorlik jamiyatining istiqbolli rejalaridan  hisoblanadi.  

    Boshqa yangiliklar