(“Qishlog`imizning sevgi mojarolari” turkumidan)
Saidaning sevgi tarixi bizning qishloqdagi eng hayajonli sevgi qissalaridan biridir.
Qo`shnisining o`g`li Idris al-Qadiy bilan Saidaning orasida buloq suviday sof va toza muhabbat paydo bo`ldi. Ular his-tuyg`ularini atrofdagilardan qanchalik bekitishga harakat qilishmasin, nigohlari va g`ayriixtiyoriy harakatlari bu sirni fosh etib qo`yardi. Bu sirdan voqif bo`lgan qizning padari buzrukvori arab tili o`qituvchisi shayx Karim va yigitning otasi bo`lmish shirinlik sotuvchi Hasan al-Qadiyning orasida janjal chiqdi.
– O`g`lingni tarbiyalab qo`y! U o`zini kim deb o`ylayapti?..
– Xudoga beadad shukur, o`g`limni tarbiyalab qo`yganman!..
O`q kabi otilgan so`zlar, haqoratlar odamlar vaqtida ajratib qo`ymaganda, o`zi bilan katta janjalni olib kelardi. Bu voqeadan keyin qishloq ahli ularni qattiq nazorat ostiga olishdi. Sevishganlar bu ruhiy zarbaga itoatkorona bosh egib, jimgina azob chekishdi.
Idris maktabni tugatgach, otasini Saidanikiga sovchilikka borishga ko`ndirdi. Qariya yuragini hovuchlab, qizining qo`lini so`rash uchun shayx Karimning huzuriga yo`l oldi. Ammo shayx unga quruqqina qilib javob berdi:
– Sening o`g`ling hali talaba, mening qizim uni kutolmaydi…
Keyin u o`zining sodiq do`stlariga:
– Bu qashshoq savdogarning qizimga sovchilikka kelishga qanday haddi sig`di? U men bilan qarindoshchilik rishtalarini bog`layman deb ovora bo`lmasin! – dedi.
Shunday kunlarning birida Saidaning otasi orzu qilgan, didiga mos keladigan kuyovning nomzodi chiqdi. Ammo Saida unga turmushga chiqishga rozi bo`lmadi. O`sha paytlarda bunday taklifni rad etish g`alati va kutilmagan hol bo`lib, bu haqiqiy isyon edi. Uning bu qarori shayx Karim va uning yaqinlarini sarosimaga solib qo`ydi. Jahldan g`azab otiga mingan ota isyonkor qizni tarbiyalab qo`yish maqsadida uni ko`p narsalardan mahrum qilib, qat`iy cheklovlar qo`ydi. Ammo Saida o`z qaroridan qaytmadi.
Bu voqealarni eshitgan qishlog`imizning g`iybatchilariga yangi mavzu topilib, Saidaning ustidan mag`zava ag`darishib, turli-tuman, bo`lar-bo`lmas mish-mishlarni tarqatishdi. Bu uzunquloq gaplar shayx Karimning qulog`iga ham etib keldi. Qariya qattiq g`am-g`ussaga botib, qaddi bukildi, bu gaplarni ko`tarolmay, sinfda bolalarga dars o`tayotgan vaqtida to`satdan vafot etdi. Otasining o`limida oilasidagilar va yaqinlari Saidani ayblashdi. Uni haqorat-u, qarg`ishlar bilan siylashib, moxovdan qochganday undan o`zlarini olib qochadigan bo`lishdi. Shundan keyin hech kim uning uyiga sovchilikka kelmay qo`ydi.
Oradan yillar o`tib, Idris institutni muvaffaqiyatli tamomlab, qishloqqa qaytdi va yana sevgilisi Saidaning uyiga sovchi yubordi. Saidaning oilasidagilar uning sovchilarini oldingi safargidan-da, sovuq kutib olishdi, onasi bu haqda eshitishni ham istamadi.
Oradan yillar o`tdi. Ularni oddiygina qilib “o`tdi” deyish oson, ammo ularni yashab o`tish Saidaga juda og`ir kechdi. U o`z uyida qamoqdagi asira singari yolg`iz va hech kimga keraksiz bo`lib yashadi. Idris bo`lsa katta amaldor bo`lib, hamma orzu qiladigan kuyovga aylandi. Ammo u ham boshqalarning hasadini keltirib, uylanishdan bosh tortdi. Idrisning his-tuyg`ularidan, qaysar va o`jar fe`lidan xabardor bo`lgan do`stlari va qarindoshlari uning barcha to`siqlarni engishiga ishonishardi.To`satdan Idrisni xizmat yuzasidan chegaraga safarga yuborishdi. Qishloq ahli bir necha yil uning hayotidagi yangiliklardan bexabar qolishdi. Saidaning ko`zlarida avvalgi umid uchqunlari so`nib, ularda sog`inch va umidsizlik aks eta boshladi.
Idris chegaradan qirq yoshli erkak bo`lib qaytdi, uning sevgi tarixini deyarli barcha unutgandi. Endi qishloq ahlini uning oila qurmaganligi, otalik baxtini tatib ko`rmaganligi hayratga sola boshladi. Hammasidan ham uning Saidaning onasidan yana qizining qo`lini so`raganligi odamlarni battar hayron qoldirdi. Odamlar Saidani birovga yoqishi mumkin bo`lmagan qiz deb hisoblashga o`rganib qolishgandi.
Va nihoyat ayriliq va azobga, vafo va sadoqatga yo`g`rilgan muhabbatning tantanasi bo`lmish to`y bo`ldi.
Lola ShOIMOVA tarjimasi